Iqtisodiyot bo‘yicha joriy yilgi “Nobel” mukofoti sohiblari AQShning Massachusets texnologiya instituti professorlari Daron Ajemog‘lu va Saymon Jonson hamda Chikago universiteti professori Jeyms Robinson bo‘ldi.

Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan mazkur nufuzli mukofot ularga institutlarning qanday shakllanishi va farovonlikka qay tarzda ta’sir ko‘rsatishi borasidagi tadqiqotlari uchun berildi.

Shvetsiya Fanlar akademiyasining qayd etishicha, taqdirlanganlarning tadqiqotlari qonun ustuvorligi rivojlanmagan, hokimiyat aholini ekspluatatsiya qiluvchi jamiyatlar rivojlanmasligi va yaxshi tomonga o‘zgarmasligini tushunishga yordam beradi.

“Mamlakatlar o‘rtasida daromadlardagi katta tafovutni kamaytirish davrimizning eng yirik muammolaridan biridir. Mukofotlanganlar bunga erishishda jamiyat institutlarining ahamiyatini namoyish etdilar”, — deydi Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofot qo‘mitasi raisi Yakob Svensson.

Xususan, mazkur olimlar o‘z ishlarida Yevropaliklar dunyoning katta qismini mustamlaka qilgach, u yerdagi mavjud institutlar o‘zgarishga uchraganini, bu o‘zgarishlar ba’zi joylarda juda keskin bo‘lishiga qaramay, bir xil kechmaganini tadqiq etishgan.

Ba’zi hududlarda mustamlakachilar mahalliy aholi mehnatini ekspluatatsiya qilish va resurslarni o‘z manfaatlariga ishlatishga intilishgan bo‘lsa, boshqalarida uzoq muddatli rivojlanish yo‘lida yevropalik ko‘chmanchilar manfaatiga xizmat qiluvchi inklyuziv siyosiy va iqtisodiy tizimlarni shakllantirishgan.

Olimlarning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, mamlakatlarning farovonligidagi farqlarning asosiy sabablaridan biri — bu mustamlaka davrida joriy etilgan ijtimoiy institutlardir. Inklyuziv institutlar ko‘pincha qashshoq davlatlarda joriy qilingan va vaqt o‘tishi bilan aholi farovonligiga olib kelgan. Bu bir vaqtlar boy bo‘lgan sobiq mustamlakalar endilikda kambag‘al va aksincha bo‘lishining muhim sababidir.

Saymon Jonson “MIT News” nashriga bergan intervyusuda mukofot haqida shunday dedi: “Umid qilamanki, bu odamlarni tarix haqida chuqur o‘ylashga undaydi. Tarix muhim”. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu o‘tmishning hal qiluvchi ekanligini anglatmaydi, aksincha, xalqlar taraqqiyotini shakllantiruvchi tarixiy omillarni tushunishga yordam beradi.

“Spot” “Nobel” mukofoti bilan taqdirlangan mazkur uchlik yozgan kitoblar haqida so‘z yuritadi.


“Mamlakatlar tanazzuli sabablari”

Daron Ajemog‘lu va Jeyms Robinson o‘zbek kitobxonlariga “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” (“Why nations fail”) kitobi orqali yaxshi tanish.

2012-yilda chop etilgan mazkur kitobning to‘liq nomi “Nima uchun xalqlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi: kuch, farovonlik va qashshoqlikning kelib chiqishi” deb nomalanadi. Bestseller o‘zbek tilida iqtisodchi Behzod Hoshimov muharrirligida 2021-yilda “Asaxiy books” tomonidan chop etilgan.

Unda xalqlar o‘rtasidagi muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizliklarning turli sabablari borasida so‘z boradi. Olimlar iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiy tarixni tahlil qilisharkan, demokratiyaning iqtisodiy samaradorlikka ta’siri va institutlarning milliy rivojlanishda qanday rol o‘ynashini ko‘rsatib berishgan.

Kitobda ta’kidlanishicha, farovonlik va qashshoqlikning mavjud sabablari, jumladan geografiya, iqlim, madaniyat, din yoki siyosiy rahbarlarning bilimsizligi haqidagi izohlar yo mavjud emas, yo noto‘g‘ridir.

Mualliflar o‘z g‘oyalarini turli mamlakatlar misollarini taqqoslash orqali asoslaydi. Bu mamlakatlar ko‘plab omillar bo‘yicha o‘xshash bo‘lsa-da, turli xil siyosiy va institutsional tanlovlar tufayli farovonlik darajalari farq qiladi.

daron ajemog‘lu, jeyms robinson, nobel, saymon jonson

Masalan, bundan 71 yil muqaddam rasman ikkiga bo‘lingan Shimoliy va Janubiy Koreyani olib qaraylik, ularning iqtisodiyoti bir biridan keskin farq qiladi: Janubiy Koreya Osiyoning eng boy mamlakatlaridan biriga aylangan bo‘lsa, Shimoliy Koreya esa repressiv hukumati va iqtisodiy imkoniyatlarning yo‘qligi tufayli dunyodagi eng kambag‘al mamlakatlardan biriga aylanib qoldi.

Shuningdek, AQSh va Meksika chegarasida joylashgan bir xil nomdagi Nogales shaharlarida ham xuddi shunday holatni ko‘rish mumkin. Bu ikkala shahar bir xil geografik hudud va madaniyatga ega bo‘lishiga qaramay, ular institutsional muhitlarining farqli ekanligi farovonlikda katta tafovutlarga olib kelgan.

Kitobning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, farovonlik asosan iqtisodiy va siyosiy institutlarning inklyuzivligiga bog‘liq. Inklyuziv institutlar ommaning siyosiy qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish imkonini bersa, ekstraktiv institutlar mamlakatlar tanazzulga yuz tutishiga olib keladi.


“Tor yo‘lak”

Daron Ajemog‘lu va Jeyms Robinsonning hammualliflikdagi yana bir kitobi “Tor yo‘lak: davlatlar, jamiyatlar va ozodlik taqdiri” deb nomlanib, u 2019-yilda nashrdan chiqqan.

Unda ayrim mamlakatlar qanday rivojlanib, fuqarolarga erkinlik berishlarini, boshqalari esa mustabidlik yoki qonunsizlikka tushib qolishlari tadqiq etilgan.

Mualliflar erkinlik tabiiy holat sifatida emas, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi nozik va doimiy o‘rnatilib boruvchi muvozanat natijasida shallanadi, deya ta’kidlashadi.

Aksariyat mamlakatlarda kuchlilar kuchsizlar ustidan hukmronlik qilgan va inson erki kuch yoki urf-odatlar va me’yorlar tomonidan ezilgan. Davlatlar odamlarni bu tahdidlardan himoya qilish uchun juda zaif yoki odamlar o‘zlarini despotizmdan himoya qilish uchun juda kuchli bo‘lgan.

daron ajemog‘lu, jeyms robinson, nobel, saymon jonson

Siyosiy erkinlik “ma'rifat” jarayonida erishilgan mustahkam konstruktsiya, degan g‘arbona uydirma mavjud. Mualliflarning ta’kidlashicha, bu statik qarash xomxayoldir. Aslida, ozodlik yo‘lagi tor bo‘lib, faqat davlat va jamiyat o‘rtasidagi fundamental va to‘xtovsiz kurash sababli ochiq qolmoqda.

Kitobda Amerika fuqarolik huquqlari harakati, Yevropa tarixi, Xitoy imperiyasi, Hindistonning kasta tizimi va boshqa ko‘plab misollar keltirilib, erkinlikka erishish va uni saqlab qolish jarayonlari batafsil tahlil qilinadi.


“Hokimiyat va taraqqiyot”

Navbatdagi kitob ham nobelchilardan ikkitasi — Daron Ajemog‘lu hamda Saymon Jonsonning birgalikdagi ishi bo‘lib, uning to‘liq nomi “Hokimiyat va taraqqiyot: texnologiya va farovonlik yo‘lidagi ming yillik kurashimiz”, deb nomlanadi.

Unda texnologik taraqqiyot va uning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri haqida so‘z boradi. Mualliflar texnologiyalar rivoji farovonlikni oshirishga katta hissa qo‘shishi bilan birga, ko‘pincha, bu ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlashadi.

Mualliflarning ta’kidlashicha, innovatsiyalar barcha qayiqlarni ko‘taradigan oqim bo‘lish o‘rniga, ko‘pincha hokimiyatni oz sonli elitalarga berib, ishchilarning ko‘pchiligiga va’da qilingan taraqqiyotning kichik bir qismini qoldirgan.

daron ajemog‘lu, jeyms robinson, nobel, saymon jonson

Olimlar o‘rta asrlar va sanoat inqilobi kabi muhim davrlarni o‘rganib, taraqqiyot qanday qilib boylarga yordam berganini va kambag‘allarni e’tiborsiz qoldirganini ko‘rsatadi. Biroq, ular, shuningdek, boylik taqsimoti yanada adolatli bo‘lgan 20-asr o‘rtalarida bo‘lgani kabi, umumiy farovonlikning kam uchrovchi holatlarini ham ta’kidlashadi.

“Hokimiyat va taraqqiyot"dagi asosiy g‘oya texnologiyalar jamiyat tomonidan qayta yo‘naltirilishi zarurligini ko‘rsatadi. Ular keltirayotgan boylik va qudratni texnokratik elitaga emas, balki keng jamoatchilikka taqsimlash kerakligiga e’tibor qaratilgan.


“Dunyoni boshqaruvchi 13 bank”

Amerika bank sektori 2008-yilgi moliyaviy inqiroz ning yuzaga kelishida asosiy rol o‘ynaganiga qaramay har qachongidan ham daromadliroq va kuchliroq bo‘ldi.

Nobel mukofoti laureati Saymon Jonson amerikalik professor Jeyms Kvak bilan “Dunyoni boshqaruvchi 13 bank” kitobini yozgan.

Unda olimlar “The Wall Street” fenomenining tarixi va hozirgi holati haqida hikoya qilib, o‘sha davrdagi inqiroz fonida bankirlar va amaldorlarning o‘zaro ta’sir darajasini baholaydilar.

Aktivlari mamlakat YIMining 60%idan ortig‘ini tashkil etuvchi oltita yirik bankning AQSh iqtisodiyotining katta qismini qanday nazorat qilishiga e’tibor qaratiladi. Mualliflar bu oligarxiya global moliya tizimiga qanday ta’sir o‘tkazishini ko‘rsatish maqsadida o‘z obyektivlarini yanada kengaytiradilar.

daron ajemog‘lu, jeyms robinson, nobel, saymon jonson

Kitobdagi o‘ziga xoslik uning kuchli tarixiy tahlil bo‘lib, o‘tmishda, masalan, Buyuk Depressiya davridagi kabi kuchlarning o‘xshash konsentratsiyasi qanday halokatli oqibatlarga olib kelganligini kuzatishdir.

Mualliflar jiddiy islohotlar amalga oshirilmasa, yana bir moliyaviy inqiroz muqarrar ekanligini ta’kidlashadi. Ular ilgari surgan yechimlar qatorida eng yirik banklarni parchalash va ularning katta ta’sir doirasiga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuchliroq qoidalarni joriy etish kabilar bor.


“Diktatura va demokratiyaning iqtisodiy manbalari”

Daron Ajemog‘lu va Jeyms Robinsonning ilmiy bestselleri demokratiyani yaratish va mustahkamlashni tahlil qilish uchun konseptual asosni ishlab chiqishga asoslangan.

Mualliflar turli ijtimoiy guruhlar siyosiy hokimiyat va resurslarni taqsimlash usuliga qarab turli siyosiy institutlarni afzal ko‘rishi haqidagi tashqi tomondan oddiy ko‘ringan fikrdan kelib chiqadilar.

Xususan, aksariyat fuqarolar demokratiyani afzal ko‘rishsa-da, elita unga qarshi chiqadi. Lekin fuqarolar ijtimoiy tartibsizliklar va inqilobga tahdid solishi mumkin bo‘lganda diktatura beqaror bo‘ladi. Bunga javoban, repressiya narxi sezilarli darajada yuqori bo‘lganda va yon berish va’dalari ishonch uyg‘otmaganda elita demokratiya yaratishga majbur bo‘lishi mumkin.

daron ajemog‘lu, jeyms robinson, nobel, saymon jonson

Demokratlashtirish orqali elita ishonch uyg‘otadigan tarzda siyosiy hokimiyatni fuqarolarga o‘tkazgan holda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlaydi. Demokratiya elitada uni ag‘darish uchun kuchli turtki bo‘lmasa, mustahkamlanadi.

Bu jarayonlar fuqarolik jamiyatining kuch-qudrati, siyosiy institutlarning tuzilishi, siyosiy va iqtisodiy inqirozlarning tabiati, iqtisodiy tengsizlik darajasi, iqtisodiyotning tuzilishi va globallashuvning shakli va ko‘lamiga bog‘liq.