Shavkat Mirziyoyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq kiritilgan o‘zgartirishlarni tasdiqladi.

Hujjat joriy yilning iyul oyida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va sentabrda Senat tomonidan ma’qullangan. Unga ko‘ra, skuterlar va individual harakatlanish vositalarida (IHV) (elektr samokatlar, segveylar, unitsikllar va monog‘ildiraklar kabilar), mopedlar hamda ulovli aravani boshqarish huquqbuzarlik sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Xususan, yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmaslik va belgilanmagan joylarni kesib o‘tish (138-modda) BHMning 1/3 qismi (125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. IHV yoki skuterni yo‘lovchilar bilan yoki farasiz boshqarganlik uchun BHMning 50%i (187 500 so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Mast holda IHV va skuterlarni boshqargan shaxslar BHMning uch baravari (1,125 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi. Ularni tekshiruvdan o‘tkazishga bo‘yin tovlaganliklari uchun ham xuddi shunday jarima belgilangan (136-modda).

Bundan tashqari, yuk avtomobillarining yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanishi qoidabuzarlik hisoblanadi (128-modda). Bu BHMning 50%i miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar fuqaro o‘zi sodir etgan huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirmasa hamda unga joyning o‘zida solinadigan jarima miqdori BHMning 50%idan oshmasa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilmaydi. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy bayonnoma, jarima miqdoridan qat’i nazar, tuziladi, bundan foto va videoyozuvga olingan holatlar mustasno.

Shuningdek, foto va video qayd etish vositalaridan foydalangan holda aniqlangan qoidabuzarliklar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish majburiyati ham belgilab qo‘yilgan. Agar bunday qoidabuzarlik haqidagi ma’lumot vakolatli shaxsga 48 soat ichida jo‘natilmasa, haydovchi javobgarlikka tortilmaydi.

Tez tibbiy yordam hamda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilindi.

Bunda oldin O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini oshirish taklif etilgandi. Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilganda ma’muriy jazo turi sifatida ogohlantirish chorasini ham kiritish taklifi ilgari surildi.