2025-yildan boshlab aksiz solig‘ini barcha shirin ichimliklarga nisbatan qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 28-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
Joriy yilning 1-aprelidan boshlab tarkibida shakar bo‘lgan gazlangan ichimliklardan bir litri uchun 500 so‘m, energetik ichimliklardan esa bir litri uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i undiriladi.
Kelgusi yildan boshlab boshqa alkogolsiz ichimliklar, jumladan, sharbatlar, mevali ichimliklar, limonadlar, kvaslar va boshqalar ham aksiz solig‘iga tortilishi mumkin. Ro‘yxatning kengayishi Jahon savdo tashkilotining ayrim tovarlar guruhlarini diskriminatsiya qilmaslik talablari bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibida shakar o‘rnini bosuvchi (shirinlashtiruvchi) moddalar mavjud ichimliklar uchun aksiz solig‘ini pasaytirmoqchi. Bunday ichimliklarning bir litri uchun 300 so‘m miqdorida soliq qo‘llash taklif etilmoqda.
“Spot” muxbirining nima uchun tarkibida shakar bo‘lgan barcha mahsulotlar emas, balki faqat shirin ichimliklar aksiz solig‘iga tortiladi, degan savoliga Ahadbek Haydarov gazlangan va energetik ichimliklar iste’molchilar uchun yetarli darajada, deb javob berdi. 2023-yilda “Spot” Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va biznes vakillarining bu boradagi qarashlarini taqdim etgandi.
Kelgusida vazirlik tomonidan mahsulotlarga qo‘llaniladigan shakar miqdoriga qarab aksiz solig‘i stavkalarini differensiallashtirish rejalashtirilgan. Vazir o‘rinbosari 2026-yilda barcha shakarli ichimliklar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot tizimi yaratilishi mumkinligini aytdi.
2023-yilning noyabr oyida Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi rahbari Alfiya Musina “Spot"da gazlangan va energetik ichimliklarga aksiz solig‘ini qo‘llash nimalarga olib kelishi mumkinligini tushuntirib bergandi.
Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda elektromobillar akkumulyatorlari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. To‘lovni import qiluvchilar va mahalliy ishlab chiqaruvchilardan undirish taklif qilinmoqda. Yengil avtomobillar uchun utilizatsiya to‘lovi 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha bo‘ladi.