Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil uchun budjetnomani taqdim etdi. Unda soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari e’lon qilindi.
Kelgusi yilda bir qator aksiz solig‘i qayta ko‘rib chiqiladi. Xususan, aprel oyidan boshlab tarkibida shakar mavjud bo‘lgan gazlanmagan salqin choylar, meva sharbatlari, kompotlar hamda boshqa gazlanmagan shakarli ichimliklarga (1 litri uchun 500 so‘m) aksiz solig‘ini joriy etish mo‘ljallanmoqda.
Shu bilan birga, shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan gazlangan ichimliklarning 1 litri uchun tarif 300 so‘mgacha pasaytiriladi. Energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar uchun aksiz solig‘i o‘zgarishsiz qoladi — litri uchun 2 ming so‘m.
Yanvar oyidan mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i bekor qilinishi rejalashtirilgan. Bu birinchi marta 2021-yilning fevral oyida e’lon qilingandi hamda 2023-yilda amalga oshirilishi kerak edi. Biroq, hukumat keyinchalik uni saqlab qolishga qaror qildi.
Import qilingan tabiiy gazni iste’molchilarga sotishda aksiz solig‘i stavkasi 20%dan 12%ga pasaytirilib, yana qo‘llaniladi. Neft mahsulotlari, shuningdek, yakuniy iste’molchilarga sotiladigan benzin, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gaz uchun aksiz solig‘i 1-apreldan boshlab 10%ga oshiriladi.
Tamaki mahsulotlari
Filtrli sigaretlarga aksiz solig‘ini undirish tartibi o‘zgaradi. Narxning 10%i miqdoridagi advalor qismi bekor qilinadi hamda import va mahalliy sigaretlar uchun stavkalar birxillashtirilib, 1000 donasi uchun 340 ming so‘m (hozirgi vaqtda mos ravishda 300 ming va 330 ming so‘m) miqdorida belgilanadi.
Tarkibida tamaki bo‘lgan boshqa mahsulotlarga aksiz solig‘ini sezilarli darajada oshirish rejalashtirilgan. Quyidagi jadvalda keltirilgan:
Mahsulot | Amaldagi stavka, so‘mda | Taklif etilayotgan stavka, so‘mda |
Sigara, 1 dona | 6 400 | 20 000 (+312,5%) |
Qizdiriladigan tamaki tayoqchasiga, 1 kg | 382 000 | 450 000 (+17,8%) |
Chekiladigan, o‘rama va chilim uchun tamaki mahsulotlari, 1 kg | 382 000 | 600 000 (+57%) |
Tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan suyuqlik (veyp) 1 ml | 670 | 2 000 (+298,5%) |
Alkogol mahsulotlari
Soliq siyosati mahalliy va import qilinadigan alkogol mahsulotlariga aksiz solig‘ini bosqichma-bosqich muvofiqlashtirishni nazarda tutadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun stavkalar oshiriladi, import qiluvchilar uchun esa pasaytiriladi.
Etil spirtiga aksiz solig‘i bir litri uchun 15 ming so‘m etib belgilanmoqda. Hozirda bu mahalliy mahsulot uchun 14 900 so‘mni, import uchun esa narxning 70%ini tashkil etadi.
Boshqa alkogolli ichimliklar uchun o‘zgarishlar jadvalda keltirilgan:
Mahsulot | Amaldagi stavka, so‘mda | Taklif etilayotgan stavka, so‘mda |
Pivo, 1 litr | ||
mahalliy | 1 628 | 2 000 (+22,8%) |
import | 12 200 | 6 000 (-50,8%) |
Tabiiy vinolar, 1litr | ||
mahalliy | 1 | 5 000 |
import | 28 500 | 14 000 (-50,9%) |
Boshqa turdagi vinolar, 1 litr | ||
mahalliy | 2 310 | 6 000 (+259,7%) |
import | 40 600 | 20 000 (-50,7%) |
Boshqa alkogol mahsulotlari, 1 litr | ||
mahalliy | 40 000 | 44 000 (+10%) |
import | 101 500 | 76 000 (-25,1%) |
Sentabr oyida alkogol mahsulotlari ulgurji savdosi uchun minimal narxlar belgilangandi.