Farg‘ona viloyatida shahar jamoat transportida yo‘lovchi tashish uchun tabaqalashtirilgan tariflar joriy etildi, deya xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Endi yo‘lkira narxi to‘lov usuli va transport turiga qarab o‘zgaradi. Qayd etilishicha, bu naqd pulsiz hisob-kitoblarning jozibadorligini oshirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan.
Bitta yo‘lovchi uchun avtobusda yo‘lkira narxi naqd pul bilan to‘langanda 3000 so‘mni tashkil etadi. Transport kartalari, “ATTO” tizimi yoki bank kartalaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar bir sayohat uchun 2400 so‘m to‘laydilar.
Qayd etilishicha, bir soat ichida qayta o‘tish paytida transport tizimida pasaytirilgan to‘lov tariflari amal qiladi.
Misol uchun, birinchi avtobus uchun 2400 so‘m, ikkinchisi uchun 1600 so‘m to‘lanadi, bir soat davomida keyingi o‘tishlar esa bepul bo‘ladi.
Shahar yo‘nalishlaridagi avtobuslarda yo’lovchilarning 7 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun haq undirilmaydi.
Mikroavtobus va yo‘nalishli taksilarda yo‘l haqi bir yo‘lovchi uchun 4 ming so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq “Spot” Toshkentda avtobuslarda naqd pul to‘lovlaridan voz kechish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
Transport vaziri 2025-yildan boshlab avtobus bekatlarida QR-kodli chiptalar sotuvi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.