Hindistonning “Unifiyed Payments Interface” (UPI) to‘lov tizimi “Humo” va “Uzcard” bilan integratsiya qilinishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

29-oktabr kuni Markaziy bankda Hindistonning “NPCI” Milliy to‘lov tizimi korporatsiyasi vakillari bilan hamkorlik masalasida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda mamlakatning raqamli to‘lov tizimlaridagi tajribasi, NPCI to‘lov tizimining ommabop va qulay xizmatlari, so‘nggi texnologiyalar va kiberxavfsizlik talablariga mosligi xususida taqdimot qilindi.

Suhbat davomida tomonlar mamlakat to‘lov tizimini takomillashtirish hamda kiberxavfsizlikni rivojlantirish sohalarida tajriba almashish va hamkorlikni o‘rnatish masalalarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, NPCI vakillari birlashgan to‘lovlar interfeysi “Unifiyed Payments Interface” (UPI)ini O‘zbekistondagi “Humo” va “Uzcard” to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilish imkoniyatiga qiziqish bildirdilar.

Xususan, “Milliy banklararo protsessing markazi” va korporatsiyaning shuba korxonasi “NPCI International” vakillari bilan umumiy to‘lov tarmog‘ini yaratish bo‘yicha “muhim kelishuv"ga erishdilar.

Bundan tashqari, ikki tomonlama pul o‘tkazmalari tizimini rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Tajriba almashish, har ikki bozor uchun texnologik yechimlar va yangi mahsulotlarni ishlab chiqish haqida so‘z bordi.

Tomonlar mazkur muloqot hamkorlikni kengaytirish va har ikki tizim strategiyalarini samarali amalga oshirish istiqbollarini ochib berishiga ishonishmoqda. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik qilishni davom ettirishga kelishib olishdi.

Sentabr oyi oxirida OIIB Boshqaruvchilar kengashining 9-yig‘ilishi doirasida “NPCI vakillari bilan O‘zbekistonga tashrif buyurgan hindistonlik sayyohlar uchun to‘lov usuli sifatida UPIni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qilishgandi.

Avvalroq Qirg‘izistonda banklarga pul o‘tkazmalari uchun komissiya undirish vaqtincha taqiqlangani haqida xabar berilgandi. Yangi tartib 2025-yilning yakunigacha fuqarolarning milliy valyutadagi o‘tkazmalari uchun tatbiq etiladi.