Joriy yilning o‘tgan vaqtida Raqobat qo‘mitasiga fuqarolar tomonidan elektron tijorat sohasi bo‘yicha 1048ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganishlarda 858 nafar iste’molchi foydasiga 100 mln so‘mga yaqin mablag‘lar qayta hisob-kitob qilindi, 9,3 mln so‘mlik mahsulotlar almashtirib berildi.

Fuqarolar “ZoodMall”, “Asaxiy”, “Alif Shop”, “Idea”, “Uzum Market” hamda “Sello” marketpleyslar ko‘rsatayotgan xizmatlar talab darajasida emasligini bildirishgan. Qo‘mita tahlil o‘tkazish maqsadida ulardan ayrimlarining, jumladan “ZoodMall”, “Olcha.uz”, “Uzum Market” hamda “Elmakon.uz"larning ommaviy ofertalarini o‘rganib chiqdi.

O‘rganishlarda nuqsonli tovarni almashtirish yoki pulni qaytarmaslik, iste’molchiga to‘liq, yetarli va ishonchli ma’lumotlar taqdim etmaslik va yetkazib berish muddatlarining buzilishi kabi qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Qo‘mita mazkur elektron savdo do‘konlariga kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan xat yubordi. Ommaviy ofertalarning qonunchilik talablariga moslashtirilishi ta’minlangan.

Bundan tashqari, “Openshop.uz”, “Orzon.uz”, “Glotr.uz”, “Uzum Tezkor” hamda “Dari.uz” saytlarida ham o‘rganish ishlari olib borilib, ayrim holatlarda ulardagi ma’lumotlar, ommaviy ofertalar davlat tilida yuritilmasligi ma’lum bo‘ldi. Kompaniyalarga tegishli ogohlantirish xatlari yuborilib, ma’lumotlar qonun talablariga muvofiqlashtirildi.

“Service-Eco” veb-resursi o‘rganilganda milliy qonunchilik talablariga nomuvofiqlik holatlari aniqlangan. Uning identifikatsiya ma’lumotlari taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan internet tarmog‘i axborot resurslari reyestriga kiritildi hamda undan mamlakat hududida foydalanish cheklandi.