Toshkent shahrining Sodiq Azimov ko‘chasidagi “gastronomik” ko‘cha joriy yil oxirigacha ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Yashnobod tumani hokimligi yetakchi mutaxassisi O‘tkir Ulashev “Spot” muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.

Unga ta’kidlashicha, mazkur ko‘cha qulay joylashuvi va rivojlangan infratuzilmasi uchun tanlangan. “Gastronomik” ko‘cha Maxtumquli va Istiqbol ko‘chalari kesishmasi oralig‘ida joylashib, uning uzunligi 800 metrni tashkil etadi.

Sodiq Azimovda 33dan ortiq savdo obyektlari, 10ga yaqin kafe va restoranlar mavjud. “Gastronomik” ko‘cha kechayu kunduz ishlaydi. Hokimlikning ta’kidlashicha, 22ta punkt 24/7 rejimida ishlashga tayyorligini bildirgan.

Ko‘cha loyihasi “Urban New Project” va “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga 7 mlrd so‘m sarflandi. “Renaissance Design” ko‘cha dizayni bilan shug‘ullanmoqda. Qurilish ishlariga budjetdan 20 mlrd so‘m ajratilgan.

gastronomik ko‘cha, sodiq azimov, toshkent shahri, turizm, yashnobod

Loyiha doirasida piyodalar yo‘laklari hozirgi 3−4 metrdan 8−13 metrgacha kengaytiriladi. Bu korxonalar yozgi terrasalarni joylashtirishlari mumkin bo‘lgan qo‘shimcha joy yaratadi. Bu maqsadlar uchun tadbirkorlar “Mikrokreditbank"dan imtiyozli kredit olishlari mumkin. Ulashevning qayd etishicha, allaqachon bir nechta kafe egalari kredit uchun ariza topshirishgan.

Shuningdek, 'vorkout' maydoni, selfi-zonasi va ikkita biohojatxona bo‘ladi. Bundan tashqari, yengil konstruksiyalardan yaratilgan qo‘shimcha 15ta savdo nuqtalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Hokimlik mazkur yangi maydonchalarni auksion orqali tadbirkorlarga taqdim etadi.

Loyiha, shuningdek, velosiped yo‘laklarini yaratishni ham nazarda tutadi. Uch polosali avtomobil yo‘li ikki polosali yo‘lga aylantiriladi — birinchi polosaning bir qismi avtoturargohlar uchun ajratiladi.

Taras Shevchenkodagi “gastronomik” ko‘cha soat 20:00dan yopilib, piyodalarga mo‘ljallangan ko‘chaga aylanadi, Sodiq Azimovdagi “gastronomik” ko‘chada esa, undan farqli o‘laroq, kun-u tun avtomobillar harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

“Biz ko‘chani avtomobillar uchun yopiq qo‘ya olmaymiz. Bu yerda ko‘plab turar-joy binolari mavjud bo‘lib, ularning aholisiga doimiy kirish yoki chiqish nuqtasi kerak” — dedi tuman hokimligi mutaxassisi.

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida gastronomimk ko‘cha Milliy gvardiya xodimlari va ichki ishlar organlari tomonidan nazorat qilinadi.

Sodiq Azimov ko‘chasi ochilgandan so‘ng hokimlik tomonidan ta’mirlash ishlarining ikkinchi bosqichi — Olimkent ko‘chasida sayyohlik alleyasi qurilishi boshlanadi.

Yashnoboddagi mazur"gastronomik" ko‘chaning tashkil etilishi joriy yilning iyul oyida ma’lum bo‘lgandi. Hududda 145-sonli umumta’lim maktabi, “Korzinka” supermarketi, 1-sonli poliklinika, shuningdek, “Black Star Burger”, “Divan” va “Testo” umumiy ovqatlanish muassasalari joylashgan.

Joriy yilning oktabr oyiga kelib, Taras Shevchenkodagi “gastronomik” ko‘cha qurilishining birinchi bosqichi yakunlandi. Mirobod tumani hokimligi kechikishni manzarali daraxtlar ekilishi bilan izohladi. Keyin gastronomik ko‘chani barpo etishning ikkinchi bosqichi boshlanadi.

Avvalroq Yunusobod va Chilonzorda gastronomik ko‘cha tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun Yunusobod tumanining Rixsiliy, Chilonzor tumanining esa, Al-Xorazmiy ko‘chalari tanlangan.