Toshkent viloyatida 581,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Nurafshon shahri bo‘limi va ETK xodimlari hamkorligida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Unda aniqlanishicha, “G‘.” MCHJga tegishli “Chig‘iriq” MFY hududidagi omborxona ko‘zdan kechirilganda korxonaning norasmiy boshqarib kelgan Z.Sh. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, shlakoblok ishlab chiqarish uskunalari va suv nasoslarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olgan.

Buning natijasida jami 581,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Qashqadaryoda 177 mln so‘mdan ortiq tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Qarshi va Ko‘kdala tumanida fuqarolar tabiiy gaz va elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.