Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligining kelgusi yil uchun taqdim etgan budjetnomasi bilan 2025-yilda asosiy soliqlarni o‘zgarishsiz qoldirish belgilanayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Foyda solig‘i 15%, QQS va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — 12%, aylanmadan olinadigan soliq — 4%, yuridik shaxslar mol-mulki solig‘i 1,5% bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq 1 kub metri uchun 100 so‘mga tenglashtiriladi.

Keyingi yilda tovar va xizmatlarni elektron platformalar orqali sotuvchilarga soliqlarni oshirish taklif etilmoqda. Buning uchun foyda solig‘i 7,5%dan 10%ga, aylanmadan olinadigan soliq 2%dan 3%ga oshiriladi.

Shuningdek, JSTning subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga asosan tovar va xizmatlar eksportidan olinadigan daromadlar bo‘yicha foyda va aylanma soliq imtiyozlarini bekor qilish taklif etilmoqda. 2023-yilda bu imtiyozlar hajmi 1,13 trn so‘mni tashkil etgan.

2023-yilda birinchi marta joriy etilgan aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy stavkalarini oshirish rejalashtirilgan va uning amal qilish muddati 2026-yilgacha etib belgilanmoqda. To‘lov miqdori quyidagicha o‘zgaradi:

Yillik tovar aylanmasi, mln so‘m
Amaldagi stavka, mln so‘mda
Taklif etilayotgan stavka, mln so‘mda
500 mlngacha
25
30
500−1000
34
40

Yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan miqdordagi soliq stavkalarini 10%ga oshirish rejalashtirilgan. Faoliyat turi va joylashgan hududiga qarab minimal va maksimal stavkalar ham joriy etiladi.

Yiliga 100 mln so‘mgacha daromad oladigan YTTlar xodimlariga ish haqidan 12% stavkadagi JShODSni yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan qat’iy daromad solig‘ining 50%ini to‘lash huquqi beriladi. Shuningdek, bozor va savdo majmualaridagi bozorlardagi YTTlar xodimlari uchun ijtimoiy soliqni BHMning 1 baravarigacha kamaytirish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, kelasi yildan jismoniy va yuridik shaxslarning turar va noturar ko‘chmas mulkiga solinadigan mol-mulk solig‘i 10%ga oshiriladi. Shu bilan birga, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ining bazaviy stavkasi ham 10%ga indeksatsiya qilinadi.

Avvalroq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi marketpleyslarni taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar uchun javobgarlik zanjiriga kiritishni taklif qilgandi.