AQShda o‘tkazilgan “TechWomen” liderlik dasturida O‘zbekiston jamoasi g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“TechWomen” STEM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, matematika) sohasida qizlar va ayollar uchun professional almashuv dasturi hisoblanadi. Unda kamida ikki yillik ish tajribasiga ega xotin-qizlar ishtirok etishi mumkin.
Dastur qatnashchilari besh hafta davomida Amerika kompaniyalarida tajriba orttirib, o‘z mamlakatlari uchun ijtimoiy loyiha ustida ishlaydilar. Joriy yilgib dastur uchun Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlaridan jami 104tagacha ayol tanlab olinishi belgilangandi.
Vazirlikning qayd etishicha, 9 yillik ishtirok davomida O‘zbekiston jamoasi ilk marotaba g‘alaba qozondi. Loyiha “Bolajonim” deb nomlanib, ota-onalarning autizm spektri buzilishi to‘g‘risida xabardorligini oshirishga qaratilgan.
O‘zbekistonda autizm spektri buzilishining erta diagnoz qilinishi past xabardorlik, mutaxassislar yetishmovchiligi va ijtimoiy stigma sabab muammolarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa kasallikning ko‘pincha 5 yoshdan keyin kech aniqlanishiga olib keladi va davolanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Autizmga ega bolalarning rivojlanish kechikishlari ularning jamiyatga integratsiyasini va mehnat faoliyatini qiyinlashtiradi. Mamlakatda vaziyat sog‘liqni saqlash infratuzilmasining ayniqsa, qishloq joylarda cheklanganligi va mutaxassislar yetishmovchiligi bilan murakkablashmoqda.
“Bolajonim” loyihasi ota-onalarga “Telegram” orqali o‘zbek tilida M-CHAT-R/F metodi yordamida skrining o‘tkazishni taklif qiladi. Oddiy test autizm xavfini aniqlashga va keyingi qadamlarni taklif qilishga yordam beradi.
Loyihaning uzoq hududlarga yetib borishida qiyinchiliklar mavjud. Ishtirokchilar pediatrlar va vazirlik bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Bu loyihani raqamli platformaga integratsiyalashda yordam beradi.
Pilot loyiha 400 bolaga xizmat ko‘rsatuvchi xususiy klinikada boshlanadi. Undan keyin 5ta davlat klinikasiga kengaytiriladi va milliy darajada joriy etiladi. 2026-yilgacha telemeditsina va pullik maslahatlar bilan to‘liq ilova ishga tushirilishi belgilangan.
Avvalroq farg‘onalik o‘quvchi “Microsoft Learn Student” dasturining O‘zbekistondagi birinchi ambassadori bo‘lgani haqida xabar berilgandi.