31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Maroqand” to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalari yarim yilga cheklanishi yuzasidan “Humans” kompaniyasining bildirgan e’tirozlariga izoh berdi.
“Nima haqida gap ketayotganiga ochiqlik kiritadigan bo‘lsak, „Humans“ „Maroqand“ to‘lov tashkilotining to‘lov agenti [hisoblanadi]. Biz mazkur to‘lov tashkilotini noqonuniy operatsiyalar bilan shug‘ullanayotgani borasida bank qo‘mitasiga chaqirib ogohlantirganmiz. Biz to‘lov tashkilotining agentini ogohlantirmaymiz, to‘lov tashkilotini ogohlantiramiz”, — dedi regulyator raisi.
Nurmuratov to‘lov tashkiloti qimor o‘yinlari bilan bog‘liq aholi mablag‘larini bukmekerlik kompaniyalariga o‘tkazish bilan shug‘ullangani sabab, yarim yilga faoliyati to‘xtatilganini qayd etdi.
Bundan tashqari, u “Humans"ning bu bo‘yicha qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan oldindan xabardor qilinmaganiga oid e’tirozlari asossiz ekanini ta’kidladi.
“Men ham o‘qidim „bizni xabardor qilmadi“ degan [xabarlarni]. Biz asosiy aybdorni xabardor qildik. Bizning reglamentimizdan chiqadigan tashkilotni uch marta chaqirib, muhokama qilib, ogohlantirganmiz”, — deya xulosa qildi Mamarizo Nurmuratov.
Gap nima haqida?
Joriy yilning sentabr oyida Markaziy bank “UPay” savdo belgisiga ega “Humans” shuba korxonasi bo‘lgan “Maroqand” to‘lov tashkilotining to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish xizmatlarini olti oyga to‘xtatib qo‘ydi.
Tashkilotning elektron to‘lovlarga ishlov berish, pul mablag‘larini fuqarolarga o‘tkazish uchun zarur axborotni bankka taqdim etish hamda bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish xizmatlari cheklandi.
Biroq, “Humans” regulyatorning xatti-harakatlari qonunchilikni buzishi, “bozorni adolatli tartibga solish tamoyillariga zid va biznes yuritish uchun jiddiy to‘siqlar yaratishi"ni bildirdi. Kompaniya qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha oldindan ko‘rsatma olmaganini va cheklovlar sababini OAV orqali bilib olganini “Spot"ga ma’lum qilgandi.
“Bunday qonunga qarshi xatti-harakatlar adolatli tartibga solish tamoyillariga putur yetkazadi va moliyaviy sektor barqarorligi hamda mamlakat investitsion jozibadorligi uchun jiddiy risklarni keltirib chiqaradi”, — dedi “Humans Group” bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin.
Shuningdek, kompaniya regulyator amalga oshirilgan tranzaksiyalar bo‘yicha ma’lumot so‘ramaganini va “Maroqand” tomonidan hech qanday qoidabuzarliklarni ko‘rsatmagan holda qaror qabul qilganini ta’kidladi.
Avvalroq Markaziy bank to‘qqiz oyda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 35%ga o‘sgani haqida ma’lum qilgandi. Transchegaraviy jo‘natmalar hajmining 77%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston va Janubiy Koreya turibdi.