Markaziy bank boshqaruvi 31-oktabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Iqtisodiyotdagi yuqori iste’mol va investitsion faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi o‘zgarishlar ta’sirida inflyatsiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda.
Inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi va o‘rta muddatda 5%lik target ko‘rsatkichiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolish lozim bo‘ladi.
Sentabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,5%ni tashkil etib, uchinchi chorak davomida o‘zgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyatsiya dinamikasi yillik 7,1% doirasida shakllandi. Bunga yuqori iste’mol talabi, yoqilg‘i resurslari narxi va tariflarining erkinlashtirilishi xizmatlar narxlariga o‘tishi hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ta’sir qildi.
Meva va sabzavotlar o‘rtacha narxlarida pasayish davom etib, bu umumiy inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan bo‘lmoqda. Oktabr oyidagi haftalik kuzatuvlar iste’mol tovarlari narxlarining nisbatan barqaror bo‘lganligini va oylik o‘zgarish o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan past shakllanishini ko‘rsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari hamda inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasi o‘rtasidagi tafovut yuqoriligicha qolmoqda. Sentabrda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, inflyatsion kutilmalar mos ravishda 13,3% va 12,6%ni tashkil etdi.
Joriy yilning so‘nggi choragida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda.
To‘qqiz oyda iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish dinamikasi hisobiga YIMning real o‘sishi 6,6%ni tashkil etdi. Investitsion faollikning yuqoriligi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘sishi aholi daromadlarining oshirishga, o‘rtacha ish haqi va real daromadlarning o‘sishi esa iste’mol faolligini oshirmoqda. Bunda xizmatlar va chakana savdo sohalaridagi yuqori o‘sish kuchli iste’mol talabi shakllanayotgani bilan izohlanadi. Mazkur tendensiyalaridan kelib chiqib, joriy yilda YIMning real o‘sishi 6,0−6,5% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Pul bozori foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanayotganligini ko‘rsatmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arish faolligini oshirmoqda. Kredit qo‘yilmalari o‘sishining mo‘tadillashuvi va omonatlardagi yuqori o‘sish talabni muvozanatlashtirish va inflyatsiyaga monetar omillarni pasaytirish imkonini beradi.
Inflyatsiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli ta’minoti va narxining qisqa muddatli o‘zgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalari saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga chiqishi mumkin.
“Har qanday sharoitda ham Markaziy bank inflyatsiyaning 5%lik targetiga erishishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etib, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratadi”, deyiladi xabarda.