“UzAuto Motors” “Chevrolet Cobalt” avtomobilining yangi “Midnight” komplektatsiyasini ishlab chiqarishni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Asakadagi zavodda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan yangi modifikatsiya “Cobalt” modelining mavjud modifikatsiyalari bilan birgalikda ishlab chiqariladi.
Birinchi bosqichda yangi modifikatsiya tashqi ko‘rinishini yaxshilovchi detallari bilan farqlanadi, qoramtir tusdagi yoritish tizimi va g‘ildirak disklardan iborat. Keyingi bosqichlarda esa interer qismiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritiladi.
“Cobalt"ning “GX Midnight AT” versiyasidagi narxi 155 231 000 so‘mni tashkil etadi hamda mavjud modifikatsiyadan 7,3 mln so‘mga qimmatroqdir.
Shu bilan birga, mavjud modifikatsiyaning ishlab chiqarilishi va sotuvi davom etadi. O‘z navbatida, “GX-Optima AT Plus” komplektatsiyasi hozirda 146 455 000 so‘m, “GX-Style AT Plus” — 147 916 000 so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, kompaniya sotuvlar boshlanishi haqida qo‘shimcha ma’lumot keyinchalik e’lon qilinishini bildirdi.
Oktabr oyida “UzAuto Motors” “Chevrolet Cobalt” avtomobilini yangi “Midnight” modifikatsiyasida ishlab chiqarilishini ma’lum qilgandi.