“Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi AQSH dollariga nisbatan ketma-ket uchinchi oy davomida arzonlashishda davom etmoqda.

Oktabr oyida milliy valyuta 58,92 so‘m yoki 0,46% qadrsizlanib, 12 774,34 so‘mgacha pasaydi. Butun oy davomida dollar asta-sekin qimmatlashib bordi, ammo oxirgi besh savdo kunida sezilarli darajada arzonlashib, 53 so‘m qiymatini yo‘qotdi.

Joriy yilning o‘n oyi natijalari bo‘yicha, o‘zbek so‘mi atigi 3,53%ga qadrsizlandi.

Iyun-iyul oylarida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz mustahkamlandi. Biroq avgust-sentabr oylarida milliy valyuta 155 so‘mdan ortiqqa arzonlashdi.

Shu bilan birga, yanvar-avgust oylarida iste’mol narxlari 5,5%ga oshdi, bu esa so‘mning real ayirboshlash kursi mustahkamlanganini anglatadi. Kuchli milliy valyuta sharoitida import arzonlashadi va eksport kamroq jozibador bo‘ladi.

Ekspertlarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik xarakterga ega bo‘ldi. Milliy valyuta kursini qo‘llab-quvvatlovchi omillar qatorida yevroobligatsiyalar chiqarilishi, oltin narxining oshishi va Markaziy bankning valyuta intervensiyalari bor.

Yil oxirigacha tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.