Ikkita hududda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning To‘rtko‘l tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda “Z.T.” xususiy korxonasi va “Ch.Z.” oilaviy korxonasi mas’ul shaxslari fuqaro A.A.ga tegishli Nukus ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasi binosida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.
Buning natijasida jami 1,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Shu kabi, Departamentning Olmazor tumani bo‘limi va Toshkent shahar ETK xodimlari hamkorligida ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aniqlanishicha fuqaro J.M. “Xonchorbog‘” MFY hududidagi xonadonida ishlab chiqarish sexi tashkil etib, tijorat maqsadida 4 dona elektr pechlarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olgan.
Buning natijasida 567,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Toshkent viloyatida 581 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, fuqarolar shlakoblok ishlab chiqarish uskunalari va suv nasoslarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olgan.