29-oktabr kuni oltin quymalar narxi yana rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Bir gramm oltin narxi 1 mln 178 ming 600 so‘mga yetdi. Besh grammlik uchun 5 mln 893 ming so‘mdan taklif qilinmoqda.

Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:

  • 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 5 mln 893 ming so‘m;
  • 10 gramm oltin quyma narxi 11 mln 787 ming som;
  • 20 gramm oltin quyma narxi 23 mln 573 ming so‘m;
  • 50 gramm oltin quyma narxi 58 mln 933 ming so‘mni tashkil qiladi.

O‘tgan haftadan beri e’lonlarda esdalik tangalar narxi ko‘rsatilmagan va ular haqidagi ma’lumotlar Markaziy bank veb-saytidan ham yo‘qolgan. Regulyator matbuot xizmati “Spot"ga tanga zaxiralari tugaganini ma’lum qildi.

Ekspertlar global noaniqlik fonida himoya aktivi sifatida oltinga qiziqish ortib borayotganini qayd etishmoqda. “UBS Group” prognoziga ko‘ra, bozordagi o‘zgaruvchanlik AQSh saylovlari tugaguniga qadar va yangi ma’muriyat tasdiqlanmaguncha davom etadi.

Oltinning global narxi ayni paytda troya unsiyasi $2800ga yaqinlashdi.

Xabar nashr qilinayotgan vaqtda “Trading Economics"da oltin narxi $2784,5ni tashkil qildi.

oltin quyma, markaziy bank


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari birinchi marta $41,1 mlrddan oshgani haqida yozgandi.

1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oyda $1,95 mlrdga oshib, $41,14 mlrdni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.

O‘z navbatida, oltin qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $31,86 mlrd.