Toshkent shahrida markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun narxlar oshirildi. Bu bo‘yicha 31-oktabr kuni poytaxt hokimining tegishli qarori qabul qilindi.
Sentabr oyida Toshkent shahrida issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari tarifi oshirilishi bo‘yicha xalq deputatlari poytaxt kengashi qarori qabul qilingandi.
Unga ko‘ra, aholi uchun tarif 1 Gkaliga 121 617 so‘m (amalda 105 754 so‘m edi) etib belgilandi. Ulgurji tashkilotlar uchun esa bu 244 497 so‘m (212 606 so‘m) ni tashkil etadi. Narxlar QQSsiz keltirilgan. Yangi tariflar joriy yilning 15-noyabridan kuchga kiradi.
O‘z navbatida, tartibga solinadigan bazaviy narx hamda budjet tashkilotlari tarifi 1 Gkal uchun amaldagi darajada saqlanib qoldi — mos ravishda 664 465 so‘m va 801 963 so‘m.
Aholi uchun oxirgi marta narxlar isitish mavsumi tugagach, joriy yilning 2-aprelidan boshlab ko‘tariligandi.
Undan keyin “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi narxlar oshirilishiga izoh berib, buni “majburiy qadam” deb atadi. Qayd etilishicha, aholi uchun yangi narxning joriy etilishi bazaviy tarifning 18%ni qoplaydi. Qolgan qismi esa davlat subsidiyalari bilan qoplanadi.
Avvalroq Toshkent shahar hokimligi yer osti yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.