Davlatimiz rahbari 31-oktabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida viloyatda rejalashtirilgan yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oxirgi yetti yilda viloyatga $3,5 mlrddan ortiq investitsiyalar jalb etilgan. Natijada 64 700ta ish o‘rni va yiliga $1,2 mlrdlik eksport imkoniyati yaratilgan. Joriy yilda $2,1 mlrdlik 577ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati $26,8 mlrdlik 100dan ortiq strategik va yirik loyiha shakllantirilgan. Ularga AQSh, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya, BAA, Qatar, Xitoy, Yaponiya, Koreya hamda Turkiya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda.

Prezidentga mazkur loyihalarning 12tasi taqdimot qilindi. Loyihalar o‘z ichiga kimyo, energetika, tog‘-kon, elektrotexnika, tibbiyot, qurilish industriyasi, tekstil va to‘qimachilik kabi tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Karmana tumanida yiliga 2,5 mlrd so‘mlik yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlaydigan loyihalar amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Bu loyihalar qatorida kimyo hamda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish, shamol generatorlari uchun parraklar ishlab chiqarish korxonasi bor.

Tumanda Rossiya bilan oziq-ovqat sanoati uchun alyumin qadoqlar yasash yo‘lga qo‘yiladi. Turkiya bilan hamkorlikda esa Konimex tumanida yiliga 370 ming tonna fosforit qazib olish, qayta ishlash hamda fosfor kislotasi va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Shuningdek, Avstriya bilan Navoiy shahrida yiliga 170 ming tonna sianit natriy tuzlari va kaustik soda olish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Mazkur loyihalar natijasida 17 800 nafardan ortiq aholi ish bilan ta’minlanishi qayd etildi. Prezident tashabbuskorlarga tashkiliy-moliyaviy masalalarda ko‘maklashib, loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda DXSh majburiyatlari chegarasini $6,5 mlrd miqdorida belgilash taklif qilingani haqida xabar berilgandi. Energetika sohasida $18,5 mlrdlik 48ta loyiha amalga oshirilmoqda. Davlat tomonidan mazkur loyihalar uchun kreditorlarga turli kafolatlar berilgan.