Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etgan 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan budjetnomaga ko‘ra, davlat majburiyatlari asosidagi davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari qiymatining yillik yuqori chegarasini belgilash taklif qilinmoqda.
Joriy yilning 20-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat reyestriga olingan umumiy qiymati $2 mlrdlik 990ta DXSh loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, energetika sohasida $18,5 mlrdlik 48ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, bu esa “budjet oldida shartli majburiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin”. Mazkur loyihalarda davlat kreditorlarga turli kafolatlar bergan.
Jahon banki, XVJ, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar davlat majburiyatlarini hisoblashda energetika sohasidagi loyihalarni DXSh loyihalariga tenlashtirishi qayd etilgan. Bunda, budjet majburiyatlari miqdori reestrda qayd etilganidan oshib ketadi.
Oktabr oyida XVJ qonunchilikka 2025-yildan boshlab DXSh va investitsiya qonunchiligiga muvofiq imzolangan barcha loyihalarning investitsiya qiymatining yillik chegarasini kiritishni tavsiya qilgandi.
29-oktabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida DXShni rivojlantirish departamenti direktori Ilhom Umrzoqov XVJ va Jahon banki bilan hamkorlikda DXSh loyihalari bo‘yicha shartli majburiyatlarning budjetga ta’sirini o‘lchash modeli ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning ma’lum qilishicha, davlat tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar asosidagi DXSh loyihalari qiymatining cheklangan hajmini $6,5 mlrd miqdorida belgilash taklif qilinmoqda. Uni ishlab chiqishda 2025-yilda rejalashtirilgan loyihalar inobatga olingan.
2030-yilgacha davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturiga ko‘ra, 2027-yil oxirigacha elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini DXSh boshqaruviga o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, bir qancha pulli yo‘llar, jumladan, Toshkentdan Samarqand va Andijonga boruvchi pullik avtomobil yo‘llari quriladi.
Avvalroq yil boshidan buyon O‘zbekistonga kiritilgan xorijiy investitsiyalar $23 mlrddan oshgani haqida xabar berilgandi.