AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Rossiya harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish bilan bog‘liqligi taxmin qilinayotgan 275ga yaqin shaxs va tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

SDN ro‘yxatiga 400ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan Rossiya mudofaa vazirining besh o‘rinbosari kiradi. Cheklovlar orasida “Rosatom Digital Solutions” va “Rosatom Microelectronics”, shinalar ishlab chiqaruvchi “Cordiant”, “Chip and Dip” kompaniyasi, “Transmashholding” bosh direktori Kirill Lipa va Moskva aviatsiya instituti ham bor.

Bundan tashqari, sanksiyalar Xitoy, Shveysariya, Turkiya, BAA, Hindiston va boshqa mamlakatlarning chet el fuqarolari va yuridik shaxslariga ham ta’sir ko‘rsatdi.

AQSH Moliya vazirligi O‘zbekistondan ikki kompaniya — “Uzstanex” va “The Elite Investment Group"ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Uzstanex” 2018-yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan va “mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi” bilan shug‘ullanadi. Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan kompaniyaning ustav fondi 65 mln so‘mni tashkil etadi. Firmaning yagona ta’sischisi — Abramov Vasiliy Vitalevich, uning direktori — Boysov Dmitriy Aleksandrovich.

“The Elite Investment Group” 2024-yil yanvarida “ulgurji ixtisoslashmagan savdo” uchun ta’sis etilgan. Ustav jamg‘armasi 3 mln so‘m bo‘lgan kompaniya Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan. Uning asoschisi va direktori Kazakbayeva Nodira Abdusattorovna hisoblanadi.

AQSH Davlat departamentining ma’lum qilishicha, “The Elite Investment Group” 2024-yilning mart oyidan may oyiga qadar Rossiya kompaniyalariga, jumladan, AQShda ro‘yxatdan o‘tgan va Rossiyada joylashgan “GTS Group” kompaniyasiga yuqori ustuvorlikdagi tovarlarning umumiy ro‘yxatidan (CHPL) taxminan $190 minglik mahsulotlar, shu jumladan, Turkiyaning “Guclu Global” kompaniyasidan agent-tashuvchi sifatida foydalangan holda elektr transformatorlarini yetkazib bergan.

2023-yilning noyabrida AQSh O‘zbekistonning “Mvizion” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. AQSh Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Rossiya armiyasi uchun dronlarni ishlab chiqarish bilan bog‘liq edi.

Joriy yil fevral oyi oxirida AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga yana bir qo‘shimcha kiritilganini e’lon qildi. Ular orasida vakolatxonasi Toshkentda bo‘lgan “Polar Star Logistics” transport kompaniyasi, shuningdek, asli o‘zbekistonlik, Rossiya kichik energetika assotsiatsiyasi prezidenti, BAAdagi “Business Russia” savdo uyi direktori Maksim Zagornov ham bor edi.