“Toshkent Invest” kompaniyasi Toshkent shahridagi to‘rtta yangi kirish darvozasining eskiz konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlovni e’lon qildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda o‘zbekistonlik hamda xorijiy mutaxassislar ham ishtirok etishlari mumkin. Ishtirokchilar ijodiy jamoa tuzgan holda o‘z g‘oyalarini taqdim etishlari mumkin. Tanlov professional mutaxassislar bilan birga havaskor ijodkorlar uchun ham ochiq.

Poytaxtning yangi darvozalarini “Rohat”, “Bektemir”, “Erkin” hamda Uchqahramon" postlarida qurish rejalashtirilgan. Qurilish jarayonlarini joriy yilda boshlash belgilanmoqda.

Arizalar joriy yilning 7-noyabrigacha qabul qilinadi hamda 11-noyabrda finalchilar e’lon qilinadi. Shu bilan birga, 30-noyabrga borib, tanlov g‘oliblari aniqlanadi.

Nomzodlar arizalarni tanlovning info@tashkentinvest.com elektron manziliga yuborishlari lozim. Tanlov YUNESKO tavsiyalari asosida o‘tkazilib, g‘oliblar quyidagi tarzda mukofotlanadi:

  • birinchi o‘rin — 100 mln so‘m;
  • ikkinchi o‘rin — 50 mln so‘m;
  • uchinchi o‘rin — 30 mln so‘m.

Hokimlik matbuot xizmati tanlov va uning shartlari haqida yana batafsil ma’lumot berilishini qayd etdi.

Avvalroq AQShda o‘tkazilgan “TechWomen” dasturida birinchi marta O‘zbekiston jamoasi g‘olib bo‘lgani haqida xabar berilgandi.