O‘zbekistonda pullik yo‘llar qurilishi haqida birinchi marta 2018-yilda so‘z borgan. O‘shanda pulli yo‘l qurish bo‘yicha birinchi qaror qabul qilindi hamda Germaniyaning “GP Günter Papenburg” kompaniyasiga ishonib topshirildi.

O‘sha yilning kuzida Ichki ishlar vazirligi 2022-yilgacha bo‘lgan xavfsiz yo‘l harakati konsepsiyasini taqdim etdi. Uning doirasida yo‘l sohasida, jumladan, pulli avtomobil yo‘llari qurilishida davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish taklif qilindi.

2019-yilning fevralida “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, unda, xususan, tariflarni shakllantirish mexanizmlari va pul undirish usullari belgilab berildi. Mart oyida hujjatlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, ammo qonun qabul qilinmadi.

2024-yilning qishida “Pullik yo‘llar to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish rejalashtirilgani haqida yana muhokamalar boshlandi.

“Bu ularni qurish uchun huquqiy asos yaratib, faoliyati, to‘lovni qabul qilish va olingan pullarni taqsimlash tartibini belgilaydi” — dedi Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov. Biroq, hali ham qonun qabul qilingani yo‘q.

Turli xalqaro kompaniyalar turli hududlarda pulli yo‘llarni qurishda ishtirok etishni taklif qilishdi. O‘tgan yillar davomida muhokama qilingan ikkita asosiy loyiha Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishlari bo‘ylab pulli yo‘llar qurilishi bo‘ldi. Ikkinchisining narxi bir necha marta qayta ko‘rib chiqildi. 2022-yilning bahorida loyiha $2,83 mlrdga, 2024-yilda esa $4,65 mlrdga baholangan. Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yana bir yo‘l qiymati — $1,4 mlrd.

Shu bilan birga, Toshkentdan Samarqand va Andijongacha bo‘lgan pulli avtomagistrallarda yengil avtomobillar uchun ruxsat etilgan maksimal tezlik 120−150 km/soat bo‘lgan holda yo‘l haqi $5−6 bo‘lishi kerak edi.

“Spot” hukumatning bu sohadagi siyosati qanday o‘zgargani va nimalarga erishilgani borasida so‘z yuritadi.


31-iyul, 2018-yil

O‘zbekistonda birinchi pullik yo‘llarni qurish Germaniyaning “GP Günter Papenburg"ga topshirildi. Bu maqsadlar uchun $500 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan edi. Biroq, bu yo‘lning qaysi qismida amalga oshirilishi va aniq muddatlari ko‘rsatilmagandi.

12-sentabr, 2018-yil

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Laziz Qudratova Turkiyaning “Chengiz — Kolin — Kalyon” kompaniyalari guruhi bilan “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosidagi avtomobil yo‘li qurilishini muhokama qildi. Loyiha ikki nuqta orasidagi masofani ikki soatda bosib o‘tishni nazarda tutgan.

25-oktabr, 2018-yil

Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan davra suhbati doirasida “Alliance Capital K/S” kompaniyasi Ohangaronni aylanib o‘tuvchi pulli avtomobil yo‘lining 12 km.lik qismini qurish tashabbusi bilan chiqdi. Magistral yo‘l uchastkasida quyidagilar rejalashtirilgan edi:

  • 24 soat xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar;
  • kafe;
  • yoqilg‘i quyish shoxobchalari;
  • bir nechta qatorlar (polosalar) bo‘ylab harakatlanishning ruxsat etilgan yuqori tezligi.

Avtomobil yo‘lining pullik qismida maxsus avtotransport vositalariga imtiyozlar berish rejalashtirilgan edi. Tariflarni hammaga ochiq, qo‘shni hududlar aholisining daromadlari darajasiga mutanosib qilish va ularni transport vositalari toifasini hisobga olgan holda tasdiqlash va’da qilingandi.

30-oktabr, 2018-yil

Ichki ishlar vazirligi 2022-yilgacha xavfsiz yo‘l harakati konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqdi va e’lon qildi. Hujjatda yo‘l sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmini joriy etish taklif etilgan. Hamkorlik turlaridan biri pullik yo‘llar va magistrallarni yaratish edi. Muqobil bepul yo‘lning mavjudligi esa pulli yo‘lni yaratish sharti bo‘lgan. Asosiy farqi — harakat tezligining oshishida. Foydalanuvchilar uchun kunning kunduzgi va tungi vaqtiga bog‘liq bo‘lgan moslashuvchan to‘lov shakllari va miqdorlarini belgilash rejalashtirilgan edi.

Tadbirkorlar investitsiya majburiyatlarini qabul qilish evaziga avtomobil yo‘llarining uchastkalarini olishlari mumkin edi.

2020-yildan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida asosiy yo‘llarni bosqichma-bosqich amalga oshirish ishlari boshlanishi kutilayotgandi. Ammo qurilish shu vaqtgacha boshlanmagan.

10-dekabr, 2018-yil

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida 2022-yilgacha yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Hujjatda yo‘l harakati sohasida DXShni joriy etish ma’qullandi, biroq imzolangan hujjatda muqobil bepul yo‘l mavjudligi, shuningdek, tezlikni oshirish bo‘yicha bandlar kiritilmagan. Buning o‘rniga 2019-yil fevral oyi oxirigacha “Pullik yo‘llar to‘g‘risida"gi qonunni ishlab chiqishga qaror qilindi.

2019-yilning 1-iyuniga qadar pullik avtomobil yo‘llarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlanishi, 2020-yildan esa amaliy ishlarni boshlash rejalashtirilgandi.

16-yanvar, 2019-yil

Deputat Shavkat Xalilov Sergeli tumanidagi Anna Axmatova va Fayzli ko‘chalari kesishmasidan Yakkasaroy tumanidagi Cho’pon ota ko‘chasining Kichik halqa yo‘li bilan kesishmasigacha bo‘lgan 4,65 km uzunlikda faqat yengil avtomobillar uchun mo’ljallangan olti polosali yo‘lni qurishni taklif qildi. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, qaror svetoforlar yo‘qligi tufayli yo‘l vaqtini sezilarli darajada qisqartirishga qaratilgan.

20-fevral, 2019-yil

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi “Pullik yo‘llar to‘g‘risida"gi qonun loyihasini tayyorladi. Unda tariflarni belgilash mexanizmlari va pul undirish usullari belgilanishi kerak edi. Ta’kidlanganidek, avtomobil yo‘llarida yo‘l haqi transportning butun uzunligi bo‘ylab yuqori, xavfsiz harakat tezligini ta’minlagan holda yo‘lning yuqori sifat sharti bajarilganda joriy etilishi mumkin.

14-mart, 2019-yil

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi pullik avtomobil yo‘llarini qurish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Loyihada asosiy tushunchalar belgilab berildi, pullik yo‘llarni yaratish sabablari, qoidalari va shartlari sanab o‘tilgan. Shu bilan birga, muqobil bepul harakatlanishni ta’minlovchi yo‘llarning uzunligi pullik yo‘l uzunligining uch baravaridan ko‘p bo‘lmasligi belgilangandi.

4-dekabr, 2019-yil

Bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev “Toshkent-Samarqand” pulli avtomobil yo‘li qurilishi loyihasining kechikayotganini xorijlik investor talab qilayotgan sayohat narxining yuqoriligi bilan izohladi.

Birinchi pullik yo‘l qurish rejalari 2018-yil sentabrida ma’lum bo‘lgan edi. Turkiyaning “Cengiz-Kolin-Kalyon” (CKK) kompaniyalari konsorsiumi bilan DXSh tamoyillari bo‘yicha loyihani amalga oshirish bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolandi. Qurilish ishlari 2019−2020 yillarga mo‘ljallangan edi.

30-aprel, 2019-yil

Prezidentning iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, mamlakatdagi birinchi pullik avtomobil yo‘li qurilishini 2019-yil oxirida boshlash, 2021-yil oxirida foydalanishga topshirish rejalashtirilgandi. Yo‘l Toshkent va Samarqandni bog‘lashi kerak edi.

Shuningdek, Toshkent va Andijon o‘rtasida pullik avtomobil yo‘li qurilishi belgilandi. Pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi yil oxirigacha ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan loyihalar ro‘yxatiga kiritildi.

13-may, 2019-yil

Jahon banki jamg‘armasi Toshkent va Andijon o‘rtasidagi pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi uchun grant ajratdi. Loyiha qiymati aniqlashtirilmagan. Jahon bankining yo‘l qurilishi bo‘yicha ekspertlari mamlakatga tashrifi doirasida, Toshkent, Namangan, Farg’ona va Andijon viloyatlaridagi magistral yo’lni o’rganishi belgilangandi.

13-iyun, 2019-yil

YTTB Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘li qurilishi loyihasini 2023-yilgacha tezlashtirishni taklif qilgan, biroq yo‘l haqi qimmatligi sababli u qoldirildi.

26-may, 2020-yil

O‘zbekistonda Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan pulli yo‘l loyihasi bo‘yicha tender e’lon qilinishi rejalashtirilgandi. Loyiha doirasida Qamchiq dovonida muqobil tunnel qurish ko‘zda tutilgan. Loyiha narxi ochiqlanmadi.

25-mart, 2021-yil

DXShni rivojlantirish agentligi vakilining aytishicha, Toshkentdan Samarqand va Andijongacha bo‘lgan pulli avtomobil yo‘llarida yengil avtomobillar uchun sayohat narxi $5−6ga atrofida bo‘lishi kutilgandi.

Unga ko‘ra, Toshkentdan Farg‘ona vodiysigacha bo‘lgan yo‘lda dastlabki narx uch qismdan iborat bo‘lishi kerak edi:

  • Toshkent-Angren — $1,7;
  • Angren-Qo‘qon — $2;
  • Qo‘qon-Andijon — $1,6.

Yuk transporti uchun bu miqdor qimmatroq bo‘lishi belgilangandi. Masalan, Toshkentdan Andijongacha yuk avtomobillari uchun $20ga tushishi mumkin edi.

Pulli yo‘llarda ruxsat etilgan maksimal tezlik soatiga 120−150 km bo‘lishi mumkin. Ayrim tog‘li hududlarda 60−70 km/soatga yetishi mumkin.

20-may, 2022-yil

O‘zbekistonga har yili DXSh orqali $3 mlrd jalb etish belgilangandi. Iqtisodiy taraqqiyot vaziri Jamshid Qo‘chqorov bu mablag‘ barqaror rivojlanish uchun investitsiya ehtiyojlarining yarmini qoplashini ta’kidladi.

Eng qimmat loyihalardan biri Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li bo‘lib, uning qurilishi $2,83 mlrdga, Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li esa $1,4 mlrdga baholangan.

27-oktabr, 2022-yil

Moliya vazirligi huzuridagi DXShni rivojlantirish agentligi direktori Zokir Bozorov hujjatlari ishlab chiqilayotgan yirik investitsiya loyihalari haqida so‘z yuritgandi. Unda quyidagilar ham bor:

  • Jahon banki ko‘magida Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li loyihasi;
  • YTTB ko‘magida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li loyihasi;
  • 66 km uzunlikdagi Samarqand-Shahrisabz pulli avtomobil yo‘li loyihasi, shuningdek Taxtaqoracha dovonidagi 4,4 km uzunlikdagi tunnel.

11-iyul, 2023-yil

Shavkat Mirziyoyev “Avtoyo‘l” rahbari Abdurahmon Abduvaliyevni “Toshkent-Samarqand” va “Toshkent-Andijon” pulli yo‘li loyihasi bo‘yicha ishlar boshlanmagani uchun lavozimidan ozod etdi. Uning o‘rniga 2021−2023-yillarda qo‘mita rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jamshid Tursunov tayinlangan.

24-iyul, 2023-yil

Transport vazirligida “Toshkent-Samarqand” pullik avtomobil yo‘li loyihasini amalga oshirishning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish masalalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Shu maqsadda YTTB Turkiyaning “Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik” kompaniyasini jalb qildi. Buning uchun $1,5 mln miqdoridagi grant mablag‘lari yo‘naltirilgan.

11-dekabr, 2023-yil

Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasini ishlab chiqdi. YTTB loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun $350 ming miqdorida grant ajratdi.

avtomobillar, pullik yo'l, qonunchilik, yo‘l qurilishi

Magistral yo‘lning umumiy uzunligi 305 km.ni tashkil etdi. Yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo‘yicha 13 tonna hisobida amalga oshiriladi. Avtomobil yo‘lining xizmat qilish muddati 25 yil etib belgilangan.

15-fevral, 2024-yil

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiyotining 2030-yilgacha bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarida rejalashtirilgan o‘zgarishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Yig‘ilishda Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov “Pullik yo‘llar to‘g‘risida"gi qonun (2019-yilda muhokamaga qo‘yilgan) qabul qilinishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Unda avtomobil yo‘llari qurilishining huquqiy asoslarini yaratish, shuningdek, ulardan foydalanish, to‘lovni qabul qilish va olingan pullarni taqsimlash tartibi belgilangandi.

Xalqaro tashkilotlardan yo‘l va ko‘priklarni qurish va ta’mirlash uchun $300 mln jalb etiladi, jarayonning o‘ziga bir qator innovatsiyalar masalan, yangi qoplamalar, yo‘llarni ta’mirlashda “sovuq regeneratsiya” texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan.

2-may, 2024-yil

Yaponiyaning “Sojitz” va Turkiyaning “Rönesans” xolding kompaniyalari O‘zbekistonda pullik yo‘llarni qurishda ishtirok etish qiziqishini bildirdi. Kompaniyalar vakillari DXSh asosidagi yo‘l qurilishi loyihalari bilan tanishdi.

3-may, 2024-yil

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Toshkent-Andijon” pullik avtomobil yo‘lini loyihalash ishlari yakunlanishini ma’lum qildi. Iyun oyining oxirigacha loyihaning TIAni tayyorlash rejalashtirilgandi. Poytaxt va Farg‘ona vodiysi o‘rtasidagi yo‘lning umumiy uzunligi 314 km.ni tashkil etdi. Loyiha qiymati $4,65 mlrdga baholangan.

13-may, 2024-yil

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Hunan Industrial Equipment Installation Co., Ltd” kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, barcha sharoit va qulayliklarga ega pullik avtomagistral qurish loyihasini muhokama qildi.

Muzokaralarda yo‘l qurilishining ekologik va iqtisodiy jihatlariga, xususan, turar joylar va daraxtlar ko‘chirilishini minimal darajaga tushirish, loyihaning tabiatga ta’sirini imkon qadar kamaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Mazkur yo‘l M41 Bishkek-Dushanbe-Termiz avtomobil yo‘liga parallel yo‘nalishda 171 kilometr uzunlikda qurilishi rejalashtirilgandi.

Loyiha 1 mingdan ortiq uyni buzish va 60 ming daraxtni kesishni o‘z ichiga olgan. Tomonlar mutaxassislarni jalb qilgan holda yo‘l rejasini takomillashtirishga kelishib oldilar.

4-sentabr, 2024-yil

O‘zbekistonda 2024−2030 yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, kamida 1000 km pullik magistral avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish belgilandi.

Jumladan, Toshkent-Samarqand yo‘lini qurish 2024-yilda, Toshkent-Andijon yo‘li 2026-yilda boshlanadi.

Shuningdek, DXShni rivojlantirish dasturiga ko‘ra, Samarqand-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha $1 mlrdlik pullik avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilgan. Loyihaning boshlanishi 2027-yilga, davlat-xususiy sheriklik shartnomasini imzolash esa 2030-yilga mo‘ljallangan.

20-sentabr, 2024-yil

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Turkiyaning “Onur Group” kompaniyasining Moldova va Ruminiya davlatlaridagi loyihalar bo‘yicha direktori Bulent Tatar bilan uchrashdi.

DXSh asosida 4R12 “Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘ qo‘rg‘oni” avtomobil yo‘lining 6−77 km qismini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilib, pullik yo‘lga o‘tkazish loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Loyiha kompaniya ekspertlari, vazirlik va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

Mazkur avtomobil yo‘lining bir qismini pullik qilish uchun unga muqobil ravishda bepul yo‘lni ta’minlash kerakligini qayd etdi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov.

10-oktabr, 2024-yil

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li olti yil muddatda qurilishini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 314 km uzunlikdagi yo‘lning 64%i yangidan qurilishi, 36%i esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘lib, uning qurilish muddati 6 yil 3 oyni tashkil etadi.

Jarayon uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda Toshkent-Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop-Andijon (143 km) qismlari quriladi.

Bunda, yo‘l sement-beton qoplamali bo‘ladi. Unda jami 102ta sun’iy tuzilma quriladi, yo‘l o‘tkazgichlarning jami uzunligi 1 122 metrga yetadi. Shu bilan birga, unda 10ta tunnel bo‘lishi va ularning umumiy uzunligi 33 kmga yetishi kutilmoqda. Eng uzun tunnel — 6 787 metr.

16-oktabr, 2024-yil

Shavkat Mirziyoyev yo‘l xo‘jaligi sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon oralig‘idagi pulli yo‘l loyihalarini tezlashtirish, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, bunday hollarda muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi alohida qonun bilan belgilanadi.