Joriy yilning to‘qqiz oyida Respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlar hajmi 118,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda birja matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 15,1%ga o‘sgan. Tuzilgan bitimlarning asosiy qismi (74%) birja savdolariga, qolgan qismi (26%) esa elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, mobilraqam.uzex.uz platformasida o‘zbekistonliklar 3577ta “chiroyli” mobil telefon raqamlarni sotib olishgan. Ularning umumiy qiymati 14,6 mlrd so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 1,5 baravarga ko‘p bo‘lgan.
Xarid.uzex.uz elektron savdo tizimi orqali 30,4 trln so‘mlik bitimlar tuzildi. Budjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan tejalgan mablag‘lar hajmi chorak qismga oshib, 6,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Hozirda O‘zRTXB boshqaruvi platformani takomillashtirish, shuningdek, tizimga yangi savdo vositalari va rejimlarini joriy etish ustida ishlamoqda. Ulardan biri ikki tomonlama qarama-qarshi auksion tartibi bo‘ladi.
Ikki tomonlama qarama-qarshi auksionda sotuvchilar va xaridorlar arizalarni bir vaqtda topshirishlari mumkin. Har ikki tomonning narxlari bir biriga mos kelgunga qadar yaqinlashadi, agar ular mos kelsa, bitim avtomatik tarzda tuziladi.
Yangi rejimning ishga tushirilishi xaridorlar va sotuvchilar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi. Buning natijasida narxlar talab va taklif o‘rtasidagi muvozanat darajasida shakllanadi, deya kutmoqda birja.
Shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun “Uzex Agro” maxsus platformasini yaratish ishlari olib borilmoqda. Vazirlar Mahkamasi oktabr oyi boshida uning tartibini tasdiqladi.
Avvalroq fuqarolar O‘zRTXB orqali 620 mlrd so‘mlik avtoraqam sotib olgani haqida xabar berilgandi.