“Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda transport xarajatlarini qoplaydi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Pul mablag‘lari eksport qiluvchi kompaniyalarga mahsulotlarni xorijga aviatransport orqali jo‘natgandan so‘ng taqdim etiladi.
To‘lov miqdori yetkazib berish mamlakatiga, shuningdek, tovar hajmiga bog‘liq. Arizalar subsidiya.epauzb.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Rossiya, Xitoy va Afg‘onistonga yetkazib berishda narxning 13%i to‘lanadi. Boshqa mamlakatlarga (O‘zbekiston bilan chegaradosh davlatlardan tashqari) eksport uchun kompensatsiya 15%ni tashkil etadi.
“Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” prezidentning mart oyidagi qaroriga muvofiq Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi ostida tashkil etilgan. U Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larini taqsimlash, xususan, eksportni subsidiyalash uchun mas’uldir.
Tashkilot transport, xorijiy ofislar, omborlar, savdo binolari ijarasi, sug‘urta va reklama xarajatlarini qoplaydi. Shuningdek, biznesga xorijiy brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy mutaxassislarni jalb qilishda yordam beradi.
Avvalroq meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishda minimal eksport narxlari belgilanishi haqida xabar berilgandi. Mazkur mahsulotlarning eksport narxi pasayishining tafovuti 20%dan kam bo‘lmasligi kerak.