Bandlik vazirligi O‘zbekiston mehnat bozoridagi ko‘rsatkichlarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 37,2 mln nafarni tashkil etadi. Shundan 41%i yoki 15 mln 089 ming nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi.
O‘z navbatida, bu fuqarolarning 14 mln 213 ming nafari (94%i) iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilmoqda.
Ularning eng yuqori ulushi rasmiy sektorga to‘g‘ri keladi — 6,8 mln nafar (48%). Norasmiy sektorda ishlayotgan fuqarolar soni esa 5,5 mln (38,8%) nafarni tashkil etadi.
Shu bilan birga, 1,9 mln (13,6%) nafar fuqaro xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.
Bundan tashqari, mamlakat bo‘yicha ishga joylashishga muhtoj aholi soni 876 ming nafar bo‘lib, ular yil boshidan 148 ming nafarga (1,024 mln) kamaygan.
Mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi yil boshiga nisbatan 1 foiz punktga yoki 6,8%dan 5,8%ga kamaydi.
2023-yilda mamlakatda ishsizlik darajasi 6,8%ni tashkil etib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 2,1%ga kamaygandi. Mamlakatda kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11%dan 7%ga qisqartirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning 11-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish tizimini yaxshilashga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda kambag‘al oilalarning 35% ishga layoqatli a’zolarida bilim va ko‘nikma kamligi qayd etilgandi.
Avvalroq yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 mln so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.