Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda zaxira qilish ishlaridagi kamchiliklar uchun ayrim hududlarda kartoshka va go‘sht narxi o‘sganiga e’tibor qaratildi.
Mamlakat bo‘yicha 18ta tuman va shaharda bozorlarni go‘sht, kartoshka, sabzi, piyoz va guruch bilan uzluksiz ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, oziq-ovqat jamg‘armalari uchun Sirdaryo, Xorazm va Toshkent shahrida mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilmagani tanqid qilindi.
Bosh prokuratura, Raqobat qo‘mitasi va boshqa mas’ul idoralarga hududiy ishchi guruhlar tuzish topshirildi. Ular zaxira yaratib, narx ustidan monitoring qilib boradi. Bu orqali narx eng yuqori o‘sgan tuman va shaharlarda bozorlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘riladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari oldiga 620 ming tonna mahsulot zaxirasini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Hududi 11 mln gektar bo‘lgan Navoiyda bor-yo‘g‘i 100 ming gektarga ekin ekilayotgani, yaylovlarning 43%i Navoiyda joylashgani bilan mamlakatdagi chorva mahsulotining 5%ini ham bermasligi ta’kidlandi.
Navoiyda 23,5 ming gektar, shundan 1,7 ming gektar sun’iy havzada baliq yetishtiriladi. Lekin, 15%i intensiv bo‘lgani uchun hosildorlik gektariga 2−3 tonnadan oshmayapti.
100 ming gektar suvli yerning 72%i nasosda sug‘oriladi. Ularning aksariyati eskirgan va energiya sarfi yuqori. Shunga qaramasdan, viloyatning 50 ming gektarida suv tejovchi texnologiyalar bor, xolos. Karmana, Konimex, Qiziltepa, Nurota va Xatirchi tumanlarida ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shundan kelib chiqib, quyidagilar ko‘rsatib o‘tildi:
- paxtachilikda urug‘ sifati va texnologini yangilash;
- hosildorlikni 70 sentnerga chiqarish;
- 20 ming gektar yerlarni foydalanishga kiritish;
- 7 ming gektar bog‘ va tokzorlarni yangilash;
- hamma suvli yerlarni to‘liq lazerli tekislab, takroriy ekin sifatida 10 ming gektarda kungaboqar yetishtirish.
Har yili 350 ming gektar yaylovga dron bilan iqlimga mos ozuqa ekinlari, dorivor va ziravorlar urug‘larni sepish hamda 50 ming aholiga bo‘lib berish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Navoiyda $26,8 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bular qatorida Xitoy bilan kimyo hamda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish, Rossiya bilan alyumin qadoqlar yasash hamda Avstriya bilan sianit natriy tuzlari va kaustik soda olish loyihasi bor.