“IT Park Uzbekistan” Janubiy Koreyada o‘z vakolatxonasini ochdi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
30-oktabr kuni Seul shahrida vakolatxonaning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Yangi ofis “IT Park” va Koreya xalqaro sanoat hamkorligi instituti (KIIIC) o‘rtasida tuzilgan O‘zbekiston-Koreya IT-biznes alyansi doirasida tashkil etildi.
Vakolatxonaning O‘zbekiston texnologik ekotizimini koreyalik investorlar va texnologiya sohasi mutaxassislari bilan bog‘lab, hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“IT Park” biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Rajabovning qayd etishicha, buning uchun mamlakatning sun’iy intellekt, o‘yin ishlab chiqarish va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlardagi tajribasi yordam beradi.
“Bu sohalarga talab juda yuqori va O‘zbekiston Koreya kompaniyalari uchun bu yo‘nalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga intilmoqda. Bizning maqsadimiz nafaqat autsorsing va IT-xizmatlarini ko‘rsatish, balki Koreya texnologik korxonalari uchun strategik hamkor maqomini mustahkamlashdir”, — dedi u.
Alyans asosi bo‘yicha kelishuv joriy yilning iyun oyida IT Park va “KIIIC” o‘rtasida imzolangan. KIIIC raisi Chon Ok Re O‘zbekiston-Koreya IT-biznes alyansi doirasida o‘yin ishlab chiqarish, “SmartPharm” hamda bulutli texnologiyalar kabi sohalarda kichik alyanslar paydo bo‘lishini qayd etdi.
“IT Park"ning qayd etishicha, 2024-yilning uchinchi choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistondan Koreyaga IT-xizmatlar eksporti 4,6 baravarga oshgan.
Seuldagi ofis iyul oyida Toshkentda tashkil etilgan Koreya vakolatxonasi bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, IT-xizmatlar eksportini ko‘paytirish va texnologik innovatsiyalar hamda autsorsing uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorlikda yuqori texnologiyali xab yaratmoqchi. Elektron klaster tashkil etish, kimyo sanoati, mashinasozlik, ta’lim va tibbiyot sohalarida hamkorlik yanada rivojlantiriladi.