1-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Viloyatda har yili 100 trln so‘mdan ortiq sanoat mahsuloti yaratilmoqda. Hozirda viloyatda 15 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi chiqarilayapti, yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushirilishi belgilangan.

Yig‘ilishga ulangan boshqa viloyatlar mutasaddilari ham bugungi tahlillar va topshiriqlardan aniq xulosa qilib, Navoiy misolida o‘z rejalarini tuzishi zarurligi qayd etildi.

Viloyatga $3,7 mlrd xorijiy investitsiya olib kelib, 600ta yangi korxonani ishga tushirish, 15−20 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yildi.

Chuqur geologik tahlillar asosida yangi konlarni tayyor loyiha paketi bilan tadbirkor-investorlarga taklif qilish zarurligi aytildi.

Uch yil davomida yiliga 350 ming gektar yaylovga yangi texnologiya asosida urug‘ va ko‘chat ekish tashkil qilinib, 50 ming aholiga meva-sabzavot, bog‘ va chorva uchun bo‘lib beriladi. 100ta ko‘p qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

So‘nggi yetti yilda Navoiyda $8 mlrdlik 6,5 mingta loyiha ishga tushib, 27 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratildi. Viloyatda o‘tgan yetti yilda $1 mlrdlik eksport amalga oshirildi. Bu yil ham viloyatda $2,2 mlrdlik 577ta loyiha ishga tushib, 10 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

O‘tgan davrda Navoiy iqtisodiyoti to‘qqizinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa chiqib, 82 trillion so‘mga yetdi. Viloyatda kaolin, fosforit, granit, marmar, kvars qumlari kabi xomashyo zaxiralari bo‘lgan yana 100 ta kon va uchastkalarni tadbirkorlarga taklif qilish mumkin.

Geologiyada yangi tizim bo‘ladi. Barcha strategik resursli konlar xalqaro baholashdan o‘tadi. Buning uchun tajribali xalqaro kompaniyalar jalb qilinadi.

Prezident mahalliylashtirishda mutasaddilar korxonalar bilan hamkorlik qilishi zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Tadbirkorlarga kerakli standartlar yetkazilsa, import bo‘layotgan mahsulotlarni bemalol mamlakatda chiqarish mumkin.

Daryo, soy va kanallarni betonlash, kichik GES qurishga ham xususiy sektorni faol jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Kichik GESlar “sanoat ipotekasi” asosida tadbirkorlarga beriladi. Bu suv bo‘ylarida savdo va servis obyektlari ham tashkil qilinadi. Bu orqali Navoiy tajribasi shakllantiriladi.

Mutasaddilarga chetga ishlashga ketgan odamlar bilan gaplashish, ularning oila a’zolaridan xabar olish, daromadini oshirish uchun sharoit yaratish topshirildi. Bu masalalarga jiddiy qaramagan rahbarlarga xulosa ham jiddiy bo‘lishi qayd etildi.

Kichik biznes, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va baliqchilikda mavjud imkoniyatlarni ishga solib aholi daromadini oshirish, 4ta tuman tajribasi asosida 140 ming aholini band qilish, kelgusi yilda Navoiyga 500 ming xorijiy turistni jalb qilib, eksportni $150 mlnga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda Navoiy infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi. Masalan, Zarafshon shahri aholisi 2−3 yilda 100 mingdan oshadi. Shu bois, hududni Tomdi tumani hisobidan 2 ming gektarga kengaytirib, 150 ming aholi uchun sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Uchta Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 ming aholi yashaydi. Ular Toshkent shahriga kelish uchun avval avtomobilda 250−300 kilometr yo‘l yurib, Navoiy shahriga boradi. Keyin esa, bu yerdan poyezd yoki samolyotga o‘tirib, poytaxtga borishga majbur bo‘layotgani qayd etildi.

Zarafshon shahridagi 80-yillarda qurilgan aeroport hozirda ishlamasligi, uning faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganib, tegishli takliflar kiritish topshirildi.

Mas’ullar oldiga ijtimoiy infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarini qish mavsumiga sifatli tayyorlash, kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi. Mutasaddilarga ayollarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, yoshlar bilan ishlashni yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berildi.