Majburiy ijro byurosi Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi binoni sotuvga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.

1976-yilda qurilgan ikki qavatli bino Chingiz Aytmatov va Osiyo ko‘chalari kesishmasida, Gidrometeorologiya markazi va Astronomiya instituti kampusida joylashgan. Surat va ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, gap “New Bukhara Premium” restorani haqida ketmoqda.

Xonalarning umumiy maydoni 646 kvadrat metrni (shu jumladan 598 kv. m. foydali maydon) tashkil etadi. Bino joylashgan hudud 7 sotixni egallaydi.

Barcha kommunikatsiyalar — elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizatsiya mavjud. Kichik ichki hovli va yozgi ayvon ham bor.

Binoning boshlang‘ich narxi 9,63 mlrd so‘m, zakalat puli esa 688 mln so‘mni tashkil etadi.

Auksion 29-noyabr kuni soat 10:00da bo‘lib o‘tadi, arizalar shu kuni soat 09:00gacha topshirilishi mumkin.

Mazkur lot Navoiy viloyat sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha hay’atining joriy yil apreldagi hal qiluv qaroriga (ijro hujjati 4−2101−2202/314) asosan sotuvga qo‘yilgan.


Avvalroq “Spot” Yunusobod tumanidagi Samara restorani binosi kimoshdi savdosiga qo‘yilgani haqida yozgandi.

0,37 gektar maydondagi ikki qavatli binoning dastlabki narxi salkam 31 mlrd so‘mga baholanmoqda.

Auksion 22-noyabr kuni 10:00da bo‘lib o‘tadi, arizalar shu kuni soat 9:00gacha qabul qilinadi.