Navoiy davlat universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan NDPIda tahsil olayotgan talabalar o‘qishlarini universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab aniq va tabiiy fanlar, IT, sun’iy intellekt, iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, logistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim jarayoni dual ta’lim shaklida yo‘lga qo‘yilib, korxona va tashkilotlarda kafedra filiallari tashkil etiladi hamda tajribali amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi.
Yangi tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha xorijiy va mamlakatdagi OTMlar bilan ikkita diplom berishga asoslangan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Alohida guruhlarda bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim jarayoni xorijiy tillarda tashkil etiladi hamda ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga tayyorlanadi.
2025-yildan universitetga akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik beriladi. Ikki oyda universitet faoliyatini yaxshilash va ta’lim sifatini ta’minlash uchun xorijiy ekspertlar ishtirokida Transformatsiya markazi tashkil etilishi kerak.
Navoiy viloyati hokimligiga universitet talabalarining malakaviy amaliyotlari hududda joylashgan yirik korxona va tashkilotlarda tashkil etilishini ta’minlash topshirildi.
Mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan hududda joylashgan oliy ta’lim tashkilotlari talabalari va yosh tadqiqotchilar uchun startap loyihalarni moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda asosiy yo‘nalish sifatida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yoshlar bandligini ta’minlash hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish hisoblanadi.
2025-yil 1 fevralgacha xorijiy talabalarni jalb etish maqsadida “Study in Uzbekistan” platformasida universitet bo‘limi tashkil etiladi. 1-iyungacha talabalarning bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini tekshirishda antiplagiat mexanizmi joriy etiladi.
Oktabr oyi boshida Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochilgandi. Joriy o‘quv yilida oliygohda xalqaro savdo va dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichi uchun o‘qish tashkil etiladi.