Noyabr oyi uchun pensiyalar bank kartalariga qachon tashlab berilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.
Jamg‘armaning tuman (shahar) bo‘limlari har to‘lov oyining 2-kunigacha to‘lov topshiriqnoma (vedomost)lar shakllantiradi. Ular oyning 4-kunigacha pensiyani fuqarolarga yetkazib berish yuklangan tashkilotga taqdim etiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, to‘lovlar uchun talab etiladigan mablag‘larni jamg‘arma tomonidan har oyning 5-sanasigacha pensiya oluvchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga (plastik kartalarga) moliyalashtirilishi belgilangan.
Xalq banki tomonidan naqd shaklda pensiya oluvchilarning mablag‘lari tasdiqlangan grafiklar asosida sayyor kassalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda mablag‘lar har oyning 4−27 sanalarida MFYlarga borgan holda to‘lab beriladi.
Shundan kelib chiqib, pensiyalarni bank plastik karta orqali oluvchi fuqarolarga mablag‘lar 5-noyabrgacha, naqd pul shaklida oluvchilarga esa 27-noyabr sanasiga qadar to‘lab berilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Pensiya jamg‘armasining ma’lum qilishicha, joriy yilning 9 oyida pensiya to‘lovlari uchun budjetdan 11, 56 trln so‘m transfertlar ajratilgan.
Jamg‘armaning bu davrdagi daromadlari ijrosi 33,75 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda soliqlardan tashqari tushumlar miqdori 50,8 mlrd so‘m bo‘lgan. Buning natijasida, 1-oktabr holatiga 2,17 trln so‘m saqlanishiga erishildi.
Prezidentning 12-avgustda qabul qilingan farmoni bilan, 1-sentabrdan fuqarolarning pensiya va nafaqalari miqdorlari 15%ga oshirildi. Fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiya va nafaqalarga oid ma’lumotlar bilan bu yerda tanishish mumkin.