Soliq qo‘mitasi suv va salqin ichimliklarni agregatsiyalashga majburiy talablarni vaqtincha kechiktirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 1-noyabridan markirovkalangan mahsulotlarni agregatsiyalash bosqichi boshlanishi belgilangandi.
30-oktabr kuni “Spot” Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasining Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev nomiga yo‘llagan xatini e’lon qildi. Unda biznes sanoatning tayyor emasligini ta’kidlab, markirovkalashning ikkinchi bosqichini kechiktirishni so‘radi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ko‘tarilgan masalalarga aniq va asoslangan javob hamda tushuntirishlar berishga tayyorgarlik ko‘rish lozim. Qayd etilishicha, biznes vakillari bilan mazkur uchrashuv noyabr oyining ikkinchi dekadasida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
“Uchrashuvgacha hamda Soliq organlari ma’lumotlar bazasi ko‘chirilayotgani hisobiga suv va salqin ichimliklarni agregatsiyalashga majburiy talablar qo‘llanilmasligi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Avgust oyida biznes chakana savdoning yangi talabga tayyor emasligini “Spot"ga ta’kidlagandi. Agregatsiya “jiddiy mablag‘lar"ni talab qiladi, ammo ishlab chiqaruvchilar bu amalda ishlamasa, uning maqsadga muvofiqligini ko‘rishmayapti.
Avvalroq alkogol mahsulotlari ulgurji savdosi uchun minimal narxlar belgilangandi.