Odamda “TikTok"da videolarni ko‘rishga qaramlik paydo bo‘lishi uchun atigi 35 daqiqa yetarli. Bunday ma’lumotni “National Public Radio” tashkiloti video platforma egasi “ByteDance” korporatsiyasining ichki hujjatlariga havola qilib keltiradi.
Ma’lum qilinishicha, AQShda allaqachon 10dan ortiq shtat Xitoyning “TikTok” kompaniyasiga nisbatan da’vo qo‘zg‘atib, ushbu xizmat bolalarni qaramlikka olib kelishi va ularning ruhiy salomatligiga zarar yetkazishi ayblangan.
“TikTok” platformasi faoliyatiga oid 30 sahifadan ortiq hujjatlarni o‘rgangan “NPR” notijorat tashkiloti, rahbariyat videoxostingning bolalar va o‘smirlarga salbiy ta’siri haqidagi muammodan xabardor ekanligini aniqladi.
Shu bilan birga, platformaning egasi “ByteDance” kompaniyasi bu holatdan hech qanday tashvishlanmayotgani ta’kidlangan.
Kentukki shtati tomonidan kiritilgan da’voda ko‘rsatilishicha, o‘rtacha davomiyligi 8 soniya bo‘lgan jami 260ta rolik (umumiy vaqti 35 daqiqa) foydalanuvchilarda nafaqat odatlanish, balki qaramlik ham keltirib chiqarmoqda.
Ikki yildan ortiq vaqt mobaynida 14ta bosh prokuror “TikTok"ka qarshi maxfiy ma’lumotlarni to‘plab kelgan. Buning natijasida, ular 2024-yil 8-oktabr kuni kompaniyaga nisbatan bir qator da’volar kiritgan.
Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, platforma yoshlarni ilovaga o‘rgatish maqsadida yaratilgan va kompaniya xavf-xatarlarni yashirib, jamoatchilikni aldagan.
Bu ma’lumotlar Kentukki shtatining xatosi tufayli tasodifan sir tutilmay qolgan va jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan. Hozirgi vaqtda materiallar tijorat sirini saqlash va sud jarayoni davomida noto‘g‘ri tarzda tarqalishining oldini olish maqsadida tuzatilgan va qayta muhrlangan.
Kompaniyaga qarshi qo‘yilgan ayblovlar juda jiddiy bo‘lgani va juda ko‘p odamlarga ma’lum bo‘lgani sababli, platforma rahbarlari vaziyatni tuzatishga kirishib ketdilar.
“TikTok” allaqachon bolalarning ilovada o‘tkazadigan vaqtini qisqartirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni targ‘ib qilmoqda.
Masalan, joriy etilgan vaqtni boshqarish tizimi yoki voyaga yetmagan shaxslarga tegishli hisob yozuvlarini platformadan oldindan o‘chirib tashlash kabi choralar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, platforma rahbariyati “NPR"ni sud siri hisoblanadigan ma’lumotlarni oshkor qilishda aybladi.
Avvalroq “Spot” “TikTok” yuzlab xodimini ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Xodimlarning qisqartirilishiga platformadagi moderatsiya uchun sun’iy intellekt tizimlaridan tobora ko‘proq foydalanilayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.