Rossiyaliklar noyabr bayramiga xorijdagi mehmonxona xonalari va apartamentlarini 2023-yilga nisbatan 77% ko‘proq band qilgan. Bu haqda “Ostrovok” xizmatiga tayanib “RBK” nashri xabar berdi.
Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, 1-noyabrdan 5-noyabrgacha joylarini band qilgan mijozlarning 28%i boshqa davlatlardagi joylarni tanlagan (bir yil oldin 19% edi). Eng talabgir yo‘nalishlar MDH va Osiyo mamlakatlari bo‘ldi.
Mashhurlik bo‘yicha Belarus, Turkiya va Tailand yetakchilik qildi. Shuningdek, birinchi o‘ntalikka Gruziya, Yaponiya, O‘zbekiston, Armaniston, qisman tan olingan Abxaziya, Qozog‘iston va Xitoy kirdi.
Talabning eng kuchli o‘sishi Abxaziyada qayd etildi, u yerda xonalar va apartamentlar 5 baravar ko‘p bron qilingan. Qozog‘istonda band qilishlar soni 4 barobarga, Yaponiya, Turkiya, Armaniston va O‘zbekistonda esa 2 barobarga oshdi.
Xitoyda foydalanuvchilar joylarni 82% ko‘proq band qilishgan. Tailandda joylashtirish talabi 44%ga, BAAda uchdan bir qismiga oshdi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga 5 mlndan ortiq xorijliklar, jumladan, 535 ming rossiyalik tashrif buyurgan.
Avvalroq xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun turoperatorlarga 25 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratilishi haqida xabar berilgandi.