Toshkent shahridagi Chorsu maydonini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar berdi.
Bu bo‘yicha 2-noyabr kuni yangi mehmonxona, biznes-markaz va turar-joy binolari qurilishini o‘z ichiga olgan loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Loyiha Drezdendagi Postplatz maydoni, Berlindagi EDGE Suedkreuz kabi inshootlarni rekonstruksiya qilish loyihalari muallifi — Germaniyaning “Tchoban Voss Architekten” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Qurilish ishlari 2025-yilda boshlanib, 3,5 yil davom etadi. Jarayon o‘zbekistonlik va xorijiy investorlar konsorsiumi tomonidan amalga oshiriladi. Majmuaning ochilishi esa 2029-yilga rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, loyiha qiymati $170 mlndan ortiq. Maydonni rekonstruksiya qilish 620 ish o‘rnini ta’minlab, Toshkent shahri fondiga qariyb 113 ming kv.metr turar-joy va tijorat ko‘chmas mulklarini qo‘shadi, deyiladi taqdimotda.
“Chorsu maydonining yangi qiyofasi poytaxtning Eski shahrini o‘zgartirib yuboradi. Bu yerda investitsiyalar va biznes uchun muhim jozibador nuqta paydo bo‘ladi. Bizning majmuamiz eng yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar ofislari uchun uyga aylanishini kutamiz”, — dedi loyiha ishlab chiquvchilar jamoasi rahbari Andrey Trebunskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi mehmonxona sayyohlarga eski Toshkentning qoq markazida eng yirik megapolislar darajasida qulay yashash imkonini beradi.
Jarayonda 2000-yillar boshida yopilgan “Chorsu” mehmonxonasi binosi demontaj qilinadi. Jamoatchilikka taqdim etilgan bir nechta loyihalar amalga oshirilmay, binoning texnik holati to‘xtab qolgan yillar davomida yomonlashib borgandi.
Mazkur mehmonxona 1982-yilda arxitektor Vladimir Spivak loyihasi asosida qurilgan va dastlab “Moskva” deb nomlangan. 2020-yilda Davaktiv agentligi binoni BAAning “Ittihad International Investment” kompaniyasiga ochiq savdo orqali 16,9 mlrd so‘mga sotgan.
Foto: Otabek Bakirov / Telegram
Hozirda o‘zbekistonlik va xorijiy investorlardan iborat konsorsium loyihada ishtirok etmaslikka qaror qilgan mazkur kompaniyadan obyektni sotib olish bo‘yicha bitimni yopish jarayonida. Uning qiymati va investorlar guruhi tarkibi kelishuvga erishilgandan so‘ng ma’lum qilinadi.
Oktabr oyida yakunlangan binoning texnik ekspertizasi shuni ko‘rsatdiki, yog‘ingarchilik va atrof-muhit ta’siri natijasida temir-beton konstruksiyalar jiddiy shikastlangan va qisman buzilgan. Armatura sterjenlari 20%gacha o‘z maydonini yo‘qotgan va korroziyaga uchragan. 14 qavat va undan yuqori bo‘lgan barcha ustunlar hisob-kitob talablariga javob bermaydi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, binoni rekonstruksiya qilish mumkin emas. U yaqinda sovet modernizmi davridagi binolar bilan to‘ldirilishi davomida madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilmagan va qo‘riqlanadigan maqomga ega emas.
Nemis arxitektorlari tomonidan loyihalashtirilgan yangi majmuaning asosiy binosi sobiq “Chorsu” mehmonxonasining umumiy ko‘rinishini saqlab qoladi. Toshkent shahar manzarasida uning o‘rnini egallagan yangi baland imorat Eski shaharning me’moriy ko‘rki bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Yangi mehmonxona 29 qavatli, biznes-markaz esa 14 qavatli bo‘ladi. Yangi binolardan birining kirish qismida “Chorsu” mehmonxonasining tarixi va uning me’moriy yangiliklariga bag‘ishlangan kichik muzey ochish rejalashtirilmoqda. Loyiha hozircha ishlab chiqilish bosqichida turibdi.
Avvalroq Toshkentning yangi darvozalari konsepsiyasini yaratish bo‘yicha tanlovga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Tanlovda o‘zbekistonlik hamda xorijiy professional mutaxassislar va havaskorlar ishtirok etishlari mumkin. G‘oliblarga 100 mln so‘mgacha pul mukofoti beriladi.