Bundan roppa-rosa bir yil oldin — 2023-yilning noyabr oyida “Ozon” O‘zbekistonda mahsulotlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri savdosini yo‘lga qo‘ydi.
Mamlakat aholisi uchun kitoblar va kiyim-kechaklardan tortib oziq-ovqat mahsulotlarigacha bo‘lgan 20dan ortiq toifadagi keng assortiment taqdim etildi. “Ozon"ning MDHdagi operatsiyalar va rivojlanish bo‘yicha direktori Aleksey Saponning aytishicha, bu 100 mlndan ortiq nomdagi mahsulotlarni o‘z ichiga oladi.
Kompaniyaning O‘zbekistondagi rahbari Jamshid Zohidov “Spot"ga bergan intervyusida “Ozon"ning kelajakdagi rejalari, mamlakatda buyurtmalarni berish punklari tarmog‘ini va logistikani qanday rivojlantirishni rejalashtirayotgani hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlarni hamkorlikda nimalar kutayotgani haqida so‘zlab berdi.
Nima uchun O‘zbekiston?
Biz mamlakatda elektron tijoratning faol rivojlanayotganini va mahalliy bozor salohiyatining juda katta ekanligini ko‘rmoqdamiz. Agar 2021-yilda O‘zbekistonda e-commerce bozorining hajmi $201 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, ekspertlar prognozlariga ko‘ra, 2027-yilga kelib bu ko‘rsatkich o‘rtacha yillik 41,4% o‘sish sur’ati bilan $1,8 mlrdga yetadi.
Bu holda chakana savdo umumiy tarkibida elektron tijorat bozorining ulushi 9−11%ga yetishi mumkin.
2024-yilning ikkinchi choragida “Ozon” 7 mamlakat sotuvchilaridan xaridorlarga 334,8 mlndan ortiq buyurtmalarni yetkazib berdi va marketpleysning umumiy aylanmasi $6,5 mlrddan oshdi. Bu davrda faol xaridorlar soni deyarli uchdan bir qismga oshib, o‘tgan yilgi 39,5 mln kishiga nisbatan 51,1 mln kishini tashkil etdi.
Shubhasiz, biz O‘zbekiston bozorida ham faol o‘sishga intilamiz. Hozirda quyidagi uch yo‘nalishga e’tiborimizni qaratmoqdamiz:
- logistika infratuzilmasini rivojlantirish;
- mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash;
- O‘zbekistondagi xaridorlarga onlayn xaridlarni qulay amalga oshirishlarida xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish.
Nechta BBP ochiladi?
“Ozon” O‘zbekiston bozorida o‘z o‘rnini faol mustahkamlamoqda va bu allaqachon sezilarli natijalarga olib kelmoqda. Sotuvlar boshlangan dastlabki kunlardayoq platformada mingdan ortiq mahalliy tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tib, o‘z mahsulotlarini “Ozon” foydalanuvchilariga taklif etishni boshladilar.
Ayni paytda O‘zbekistonda 40ga yaqin buyurtmalarni berish punktlari faoliyat yuritmoqda. 2027-yilga kelib, butun mamlakat bo‘ylab 1,5 mingdan ortiq shoxobcha ochishni rejalashtiryapmiz. Bu esa 1 ming nafar mahalliy tadbirkorga yangi formatda biznes boshlash, xaridorlarga esa o‘zlariga qulay tarzda buyurtmalarni olish imkonini beradi.
Biz allaqachon o‘zbekistonlik tadbirkorlardan arizalarni qabul qilishni boshlaganmiz. Bu biznesga kirish oson, katta mablag‘ talab qilmaydi va barqaror daromad keltiradi.
Buyurtmalarni berish punktini ochish uchun tadbirkorlar yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari, bino tanlashlari, xodimlarni o‘qitishlari va operatsion jarayonlarni yo‘lga qo‘yishlari lozim. “Ozon” esa rivojlantirish, logistika, to‘lovlar va hatto soliq hisobotlarini shakllantirishni o‘z zimmasiga oladi.
Ustuvor joylashuvda punkt ochilganidan so‘ng dastlabki 6 oy ichida “Ozon” risklarni kamaytirish maqsadida hamkorlarga subsidiya ajratadi, ularga 81 mln so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar o‘z nuqtasida berilgan buyurtmalar aylanmasidan 3,7% miqdorida mukofot puli hamda boshqa xizmatlardan, masalan, sotuvchilardan tovarlarni qabul qilish va boshqa logistika kompaniyalari buyurtmalarini berishdan qo‘shimcha daromad oladilar.
Yetkazib berish muddati qisqaradimi?
Yetkazib berish muddatlarini qisqartirish bizning asosiy ustuvor vazifamizdir, chunki buyurtmani qabul qilish tezligi ko‘pincha mijozlar uchun asosiy omil hisoblanadi.
Hozirda mahalliy sotuvchilar uchun tovarlarni sotishning ikkita sxemasi mavjud:
- sotuvchi tomonidan yetkazib berish — tadbirkorning o‘zi tovarni saqlash va yetkazib berish uchun javobgar bo‘ladi;
- sotuvchi omboridan sotish — tovar tadbirkor omborida saqlanadi, ammo xaridorga yetkazib berish uchun “Ozon"ga topshiriladi.
Ikkinchi sxema bo‘yicha yetkazib berishni tezlashtirish maqsadida Toshkentda 1 ming kv.metr maydonga ega saralash markazini ishga tushirganmiz, uni kelajakda 5 barobarga kengaytirish rejalashtirilgan. Bu O‘zbekiston va Rossiya bo‘ylab yetkazib berish uchun buyurtmalarni qabul qilish, qayta ishlash va tayyorlashni ta’minlaydi.
Bu qadam xizmat sifatini yaxshilash va bozorda raqobatbardoshlikni oshirishga yordam berdi. Xaridorgacha bo‘lgan masofani qisqartirish va mahalliy sotuvchilarga aylanmani oshirishda ko‘maklashish uchun logistika quvvatlarini rivojlantirishda davom etamiz.
Bundan tashqari, rejalalarimiz qatorida Farg‘ona, Termiz va Buxoroda uchta yangi saralash markazini ochish ham bor. O‘zbekiston hududlari bo‘ylab logistika obyektlarini joylashtirish yakuniy xaridorgacha bo‘lgan masofani qisqartirish imkonini beradi.
O‘zbekistonlik eksportyorlar marketpleysga chiqa oladimi?
Mamlakat ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlariga ichki bozorda ham, undan tashqarida ham talab yuqori, bu esa mahsulotlarning yuqori sifati va raqobatbardoshligidan dalolat beradi. Bu eksport uchun yangi ufqlarni ochadi va O‘zbekistonning xorijiy bozorlardagi mavqeini mustahkamlaydi (“Ozon"da qanday qilib sotuvchi bo‘lishni bilish uchun havola — “Spot” izohi).
O‘zbekistonlik sotuvchilar MDH va boshqa mamlakatlar, jumladan Rossiya bozorlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Tadbirkorlarga aylanmani tez oshirishga yordam berish uchun bizda bepul kurslar, menejerlardan qo‘llab-quvvatlov hamda keng qamrovli marketing vositalari mavjud.
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini targ‘ib qilish uchun “Ozon” vitrinasida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” bo‘limini ham yaratganmiz, bu esa so‘zsiz marketing ustunligiga aylanadi.
Qonunchilikda nimani takomillashtirish kerak?
Biz elektron tijorat bo‘yicha qonunchilik bazasini O‘zbekistonning hamkor davlatlari bilan uyg‘unlashtirishdan manfaatdormiz, chunki transchegaraviy savdoga to‘sqinlik qiluvchi to‘siqlarni bartaraf etish mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va uning global savdo tizimiga integratsiyasini kuchaytirish uchun muhim qadamdir.
Hozirda biz mahalliy regulyatorlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun yangi ufqlarni ochishga, ularga xalqaro miqyosga chiqish yo‘llarini yaratib berishga intilmoqdamiz.
“Ozon” O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytiradimi?
Bizning Toshkentda ofisimiz mavjud bo‘lib, mamlakat qonunchiligining barcha talablariga rioya qilgan holda mahalliy yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritmoqdamiz.
Shuningdek, biz uz.ozon.com mahalliy vitrinasini ishga tushirdik va tez orada O‘zbekistondagi barcha xaridorlar va sotuvchilarga qulay bo‘lishi uchun saytni ikki tilda yurita boshlaymiz.
Mahsulotlarning narxlari o‘zbek so‘mida ko‘rsatilgan, bu esa valyuta konvertatsiyasi haqida qayg‘urmasdan foydali xaridlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, kompaniya to‘lovlarni mahalliy “Uzcard” va “Humo” kartalari orqali qabul qilmoqda.