Frankfurt-Mayn bosh prokuraturasi milliarder Alisher Usmonovga qarshi pul yuvish bo‘yicha tergovni to‘xtatdi. Bu haqda “Reuters” nashri Usmonovning advokatlariga tayanib xabar bermoqda.

Frankfurt prokuraturasi tergov bo‘yicha savollarni hozircha izoh bermagan federal prokurorlarga yo‘naltirdi.

“Biz har doim mijozimizning aybsizligini ta’kidlab kelganmiz,” — deyishdi advokatlar Uve Lembruk va doktor Markus Gotsens.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, ikki yarim yildan ortiq vaqt davomida tergov Usmonovga qarshi qo‘yilgan asosiy ayblovlarni, jumladan, pul yuvish ayblovlarini isbotlay olmagan.

2022-yil sentabr oyida Usmonovning Bavariyadagi villasida tintuv o‘tkazilgan. Frankfurt bosh prokuraturasi uning 2017-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda millionlab yevro daromadlarning kelib chiqishini yashirish uchun “keng va murakkab kompaniyalar va korporatsiyalar tarmog‘idan” foydalanishda gumonlanishini aytdi.

2023-yil may oyida Frankfurt sudi milliarder bilan bog‘liq obyektlarda tintuv o‘tkazishni noqonuniy deb e’lon qildi. Keyinroq sud tintuvlarni noqonuniy deb topdi va barcha olib qo‘yilgan buyumlarni qaytarishga qaror qildi.


Alisher Usmonov Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanganidan bir necha kun o‘tib Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchragan.

Biroq, AQSh moliya vazirligi maxsus bosh litsenziyaga ega bo‘lgan rossiyalik milliarderning kompaniyalarini sanksiyalardan chiqarib tashladi.

2022-yilning iyulida Usmonov “USM” kompaniyalarining bankrot bo‘lish xavfini keltirib, YeI sanksiyalariga sud orqali eʼtiroz bildirishga uringani maʼlum bo‘ldi. Sentabr oyida Vengriya rasmiylari tadbirkorni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlashni talab qilgan, biroq tez orada o‘z talabini qaytarib olgan.

Biroz vaqt o‘tgach, YeI milliarderning singlisi Saodat Nurzievaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi. Noyabr oyida OAVda O‘zbekiston hukumati Usmonovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘rab YeIga murojaat qilgani va unga huquqiy yordam taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Usmonov 2023-yil avgustida Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga 2022-yil kuzida Bremen portida “Dilbar” superyaxtasida tintuv o‘tkazilgani munosabati bilan da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Biroq, sud tadbirkorning da’vosini qabul qilmadi.

Noyabr oyida Frankfurt-Mayn sudi o‘tgan yilning kuzida musodara qilingan hujjatlar va mol-mulkni “USM” xoldingi asoschisiga qaytarishni buyurdi.