Markaziy bank ustav kapitalini oshirmagan beshta bankning aktiv operatsiyalarini cheklagan. Bu haqda 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan mamlakatdagi ayrim banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini oshirishga qo‘yilgan talablarni bajarmagani, shunga qaramay, operatsiyalarni amalga oshirayotganiga oid savol berildi. Markaziy bank raisi beshta bank bu talabni bajarmaganini tasdiqlab, ular passiv (kredit) operatsiyalarni amalga oshirishi mumkinligini qayd etdi.

“Haqiqatdan ham, beshta bank biz belgilagan minimal ustav kapitali talabiga chiqqani yo‘q. Ularga biz operatsiyalarni to‘xtatganmiz. Passiv operatsiyalar bo‘yicha e’lon beryapti, deyapsiz, [bu] to‘g‘ri, [ular] e’lon berishlari mumkin. Lekin, biz kunlik balans bo‘yicha depozitlar qoldig‘i va boshqa [ko‘rsatkich]larning o‘zgarishiga qarab, uni nazorat qilamiz Ularning faqat aktiv operatsiyalari cheklangan. Pul bozorida o‘zining mavjud kapitalini banklarga, boshqalarga sotishi mumkin”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Markaziy bank raisi mazkur banklarning Kuzatuv kengashi tomonidan tegishli majburiyat taqdim etilganini, shu asosda regulyator tomonidan kuzatilinayotganini ta’kidladi. Bunda banklar o‘z ustav kapitalini “to‘ldirmaydigan bo‘lsa, bu masalani bajarmagan bo‘ladi, operatsiya qilmagandan keyin, o‘z-o‘zidan yopilish sharoitiga borib qoladi”.

“Shuning uchun ham biz bank iste’molchilari huquqlarini himoya qilish kerakligi borasida xatarni ko‘rmayapmiz hozircha, chunki, [banklar operatsiyalari haqida] e’lon bergan bo‘lishi mumkin, lekin balansida depozitlarning o‘sishi kuzatilgani yo‘q”, — dedi Nurmuratov.

Bundan tashqari, regulyator raisi to‘qqiz oy yakunlari bo‘yicha, davlat banklarining rentabellik darajasi pasayib borayotgani haqidagi savolga banklar rentabelligi bank ta’sischilari uchun, regulyator nuqtayi nazaridan esa banklar barqarorligi kerakligini qayd etdi.

“Markaziy bank hamma banklar oldiga kreditlarni tasniflash hisobiga qilinishi kerak bo‘lgan zaxirani 1-yanvargacha to‘liq bajarishni ta’minlash masalasini qo‘ygan. Bu, albatta, ayrim banklarning zararga chiqishiga ham olib kelyapti, lekin bizning maqsadimiz, uni foydali qilib ko‘rsatib sotish emas, eng avvalo, mijozlarga kafolatli bank xizmatini va bank barqarorligini ta’minlashdan iborat”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Shundan kelib chiqib, zaxira talablarini bajarmagan 8taga yaqin bank qolgan. Boshqa banklar esa belgilangan grafik asosida talablarni bajarmoqda. “Ular bo‘yicha ham qat’iy [talablarni belgilaganmiz]. Zararga kiradigan bo‘lsa ham, yil oxirigacha rezerv masalasini hal qilishlari kerak”, deya xulosa qildi regulyator rahbari.

O‘tgan yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyev banklarning eng kam ustav kapitalini bosqichma-bosqich oshirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. 2023-yilning sentabridan boshlab bu 200 mlrd so‘mni, joriy yilning aprelidan 350 mlrd so‘mni, 2025-yildan esa 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak.

Joriy yilning aprel oyidan Markaziy bu talablarni bajarmagani uchun 4ta bankning aktiv va passiv operatsiyalarini cheklagandi. Moliya institutlariga kredit berish va depozitlarni qabul qilish taqiqlangan.