2024-yilning yanvar-sentabr oylarida umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan 965 mlrd so‘m soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Shundan 164,7 mlrd so‘mi, ya’ni 17,1%i 20ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 2,3 trln so‘mni, soliq imtiyozlari esa 51,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Yanvar-sentabr oylarida eng ko‘p soliq to‘lagan umumiy ovqatlanish korxonasi “Mak Food Servis” — “Evos” brendi bo‘ldi. Korxona tomonidan 53 mlrd so‘m soliq to‘langan.
Shuningdek, korxonaning tovar aylanmasi 655 mlrd so‘mni, qo‘llanilgan soliq imtiyozlari 10,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rinda “KFC” tarmog‘ining O‘zbekistondagi franshizasi — “International Foodchain” turibdi. Kompaniya 551,8 mlrd so‘m aylanma bilan 37,9 mlrd so‘m soliq to‘ladi.
Kuchli uchlikni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining umumiy ovqatlanish sho‘ba korxonasi “Ketring” kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Korxona to‘qqiz oyda 264,4 mlrd so‘mlik aylanmasi bilan 20,7 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Quyida 20ta umumiy ovqatlanish korxonalari har birining tovar aylanmasi, to‘langan soliqlari va imtiyozlari ko‘rsatilgan:
№ | Kompaniya nomi | Tovar aylanmasi, mlrd so‘mda | To‘langan soliqlar, mlrd so‘mda | Soliq imtiyozlari, mlrd so‘mda |
1 | “Mak Food Servis” (Evos) | 655 | 53 | 10,9 |
2 | “International Foodchain” (KFC) | 551,8 | 37,9 | 22,3 |
3 | “Ketring” | 264,4 | 20,7 | 4,7 |
4 | Chef Katering | 131 | 5,2 | 1,2 |
5 | Euro Asia Lider Service | 15,4 | 4,7 | 1,2 |
6 | Savdo | 82,5 | 4,1 | - |
7 | Good Food Catering | 69,8 | 3,6 | - |
8 | Blackpilaf | 64,9 | 3,5 | 0,7 |
9 | Vanilla Food | 33,9 | 3,4 | 0,5 |
10 | Aviatika | 14,8 | 3,3 | - |
11 | PJ Eastern Group | 25,8 | 2,9 | - |
12 | Feedup Eco | 106,7 | 2,8 | 1 |
13 | Ol Foodchain | 73 | 2,8 | 0,5 |
14 | Oqtepa Food Service | 102,9 | 2,7 | 0,3 |
15 | Alfa Best | 48,4 | 2,6 | 6,9 |
16 | Efendi Co Ltd | 10,3 | 2,5 | - |
17 | Sirovarnya Super Food | 60,9 | 2,5 | - |
18 | Xonobod Fayz Taomlari | 21,2 | 2,4 | - |
19 | French Pastry | 24,3 | 2,1 | 0,8 |
20 | Nur Chinori | 34 | 2 | 0,5 |
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda eng ko‘p soliq to‘lagan xorijiy kompaniyalar ma’lum qilingani haqida yozgandi.
To‘qqiz oyda 61ta xorijiy kompaniya tomonidan 101,9 mlrd so‘mga yaqin soliq to‘langan. Ulardan eng ko‘p soliq to‘lovchi 41,1 mlrd so‘m bilan “Meta” bo‘ldi.