Samarqand, Navoiy va Andijon viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaliklari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Samarqand viloyati Urgut tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda tumandagi “O.A.” fermer xo‘jaligi rahbari O.X. “Yangi ariq” kanalidan suv olish uchun o‘rnatilgan suv nasosining elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir o‘tkazib, tijorat maqsadida jami 345,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Unda aniqlanishicha “Y.O.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari tijorat maqsadida xo‘jalikka qarashli yer maydonida elektr suv nasoslarini tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olgan.

Buning natijasida 156,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Departamentning Baliqchi tumani bo‘limi, “O‘zenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan

Tekshiruvda fuqaro M.A. tijorat maqsadida “Yakkatol” MFY hududidagi 2 gektar yer maydonida suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab olgani aniqlangan.

Buning natijasida jami 130 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” ikkita hududda 2 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, To‘rtko‘l va Olmazor tumanlarida fuqarolar umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib olgani aniqlangan.