Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 20-avgust kuni o‘tkazilgan davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida aytilgan muammo va fikrlar asosida chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish, tekshiruvlarni tartibga solishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, 2025-yildan boshlab bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik chorasini belgilash nazarda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.
Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalarini hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.
Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida kelasi yilning 1-martidan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.
Tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlanadi. Unda yo‘q masalalar bo‘yicha tadbirkorlar faoliyatini tekshirish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.
2025-yildan tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi doirasida tadbirkorlarni 3ta toifaga ajratgan holda o‘tkaziladi.
Shunigdek, tadbirkorlar faoliyatida noqonuniy tekshiruvlarning oldini olish, nazorat organlarining tekshiruvchi xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Davlat rahbari bu choralarni huquqiy jihatdan takomillashtirish, amaliyotda adolatli qo‘llanishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
30-avgust kuni prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan davlat rahbari farmoni qabul qilingandi. Unda joriy yilning noyabrigacha tadbirkorlar uchun bitta huquqbuzarlik bo‘yicha bitta javobgarlikni belgilashga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangandi.