“Google” sun’iy intellektga asoslangan Learn About interaktiv ta’lim vositasini taqdim etdi. Bu haqda “3DNews” nashri xabar berdi.
Kompaniya may oyida bo‘lib o‘tgan “Google I/O” konferensiyasida e’lon qilingan “Learn About” nomli sun’iy intellektga asoslangan yangi ta’lim xizmatini namoyish qilgandi.
Bu xizmat standart matnni o‘qish va tegishli rasmlarni ko‘rish o‘rniga bu jarayonni qiziqarli muloqotga aylantirish orqali biror narsani o‘rganishga yondashuvni o‘zgartirishga qaratilgan.
“Learn About” vositasi muntazam ravishda yangi narsalarni o‘rganish uchun qidiruv tizimlaridan foydalanadigan odamlarga mo‘ljallangan.
Biroq, ushbu holatda, matnni o‘qish va rasmlarni ko‘rish jarayonida ma’lumotlar statik tarzda taqdim etiladigan an’anaviy o‘qitish usullari o‘rniga, shaxsga yo‘naltirilgan interfaol ta’limni taklif qiluvchi usul keladi.
Qaysidir ma’noda yangi servisni o‘ziga xos virtual repetitor deb atash mumkin, unga savollar berish yoki o‘z materiallarini taqdim etadi.
Kundalik savollardan tortib murakkab akademik fanlargacha bo‘lgan keng doiradagi maxsus tanlangan mavzularni o‘rganish mumkin.
Neyron tarmoqlar asosidagi algoritmlar mavzuni tushunishga, asosiy tushunchalarni bog‘lashga, masalani tushunishni chuqurlashtirishga yordam beradigan kontentni yaratadi.
“Learn About” video, maqola va rasmlar kabi an’anaviy ta’limiy kontentni sun’iy intellekt imkoniyatlari bilan birlashtiradi va “Google"ni yangi turdagi raqamli ta’lim yordamchisi sifatida taqdim etadi.
“Learn About” katta salohiyatga ega, biroq “Google” bu bosqichda u hali tajriba ekanligini ta’kidlamoqda, chunki xizmat noaniq yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin.
Foydalanuvchilarga faktlarni tekshirish va xizmat bilan o‘zaro aloqa natijalariga ko‘ra fikr-mulohaza qoldirish tavsiya etiladi.
Aytilishicha, hozirgi vaqtda “Learn About” foydalanuvchilar bilan o‘zaro munosabatlar haqidagi ma’lumotlarni saqlamaydi, veb-sahifa yopilishi bilanoq suhbat tarixi yo‘q bo‘ladi.
Avvalroq “Spot” “Google” sun’iy intellekt yordamida soxta havolalarga qarshi kurashuvchi funksiyani ishga tushirishi haqida yozgandi.
Funksiya foydalanuvchilar uchun soxta xabarlarni aniqlashni osonlashtiradi va ularga zararli havolalar haqida ham ogohlantirish beradi.