“OpenAI” bosh direktori Sem Altman yaqinda “Reddit"da o‘tkazilgan savol-javob sessiyasida “ChatGPT"ning keyingi versiyasi — “GPT-5” modelining chiqarilishi keyingi yil boshiga qoldirilishini tasdiqladi.

Buning o‘rniga kompaniya “ChatGPT"ning mavjud versiyalarini yangilashga, yaxshilangan modellarni ishlab chiqarishga va joriy avlodni rivojlantirishga e’tibor qaratadi.

“Biz O1 ni chiqarishga ustuvorlik beramiz. Bu modellarning barchasi ancha murakkablashib ketdi va biz bir vaqtning o‘zida xohlaganimizchalik ko‘p yangilanishlarni chiqara olmayapmiz. Bundan tashqari, biz bir qator cheklovlarga duch kelmoqdamiz va ko‘plab ajoyib g‘oyalarni amalga oshirish uchun hisoblash quvvatlarini qanday taqsimlash bo‘yicha mushkul qarorlar qabul qilishga majbur bo‘lmoqdamiz” — deb ta’kidladi Altman.

Altman boshqa javoblari orasida “OpenAI” kompaniyasi “joriy yil oxirigacha juda qiziqarli yangiliklar” chiqarishni rejalashtirganini ta’kidladi.

Bu “GPT-5” chiqarilishining kechikishini qoplaydi. U “ChatGPT"ni takomillashtirish bo‘yicha hozirgi olib borilayotgan ishlar foydalanuvchilarga ajoyib tajriba taqdim etishini ta’kidladi.

Biroq, Altman hozirgi ishlanmalarning hech biri hali “GPT-5” darajasiga yeta olmasligini ham qayd etdi.

“GPT-5"ning ishga tushirilishi “OpenAI” uchun muhim bosqichdir, chunki kompaniyaga ko‘ra, u “GPT-3” dan “GPT-4"ga o‘tishga o‘xshash sezilarli yutuq bo‘ladi.

Yangi modelning haqiqiy “insonga xos” muloqot tajribasini ta’minlashi kutilmoqda. Bunda foydalanuvchilar mashina bilan emas, balki jonli suhbatdosh bilan gaplashayotgandek his qilishlari mumkin.


Avvalroq “Spot” “OpenAI” “Google” bilan raqobatlasha oladigan qidiruv tizimini yaratmoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, yangi qidiruv tizimi “Microsoft"ning “Bing” qidiruv tizimiga asoslangan holda ishlaydi.

“OpenAI” qidiruv tizimi “ChatGPT” sun’iy intellekt chat-botidan alohida mahsulot bo‘ladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Ushbu rivojlanish “OpenAI"ni “Google” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatga olib keladi.