Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) O‘zbekistonda sanoat texnoparkini tashkil etmoqchi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 29−31 oktabr kunlari vazir Laziz Qudratov Tokio shahrida mamlakat rasmiylari, moliya institutlari va yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Unda O‘zbekiston-Yaponiya savdo-iqtisodiy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikning masalalari muhokama qilinib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi va savdo hajmini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Jumladan, Iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Yoji Muto hamda Yer resurslari, infratuzilma, transport va turizm vaziri Tetsuo Saito bilan o‘tkazilgan muzokaralarda foydali qazilmalar, kimyo, mashinasozlik, energetika va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, tomonlar qurilish standartlarini yangilash, seysmik xavfsizlikni ta’minlash, jamoat transportini boshqarishning ilg‘or tizimlarini joriy etish sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
“IT Park” bilan autsorsing sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Yaponiya IT-kompaniyalarining O‘zbekistonga biznes missiyasi tashkil etiladi. Yokogamada bo‘lib o‘tadigan “EXPO 2027” xalqaro meva-sabzavotchilik ko‘rgazmasiga O‘zbekiston jalb qilinadi.
Shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) raisi Tadashi Maeda bilan uchrashuvda Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalari uchun suveren bo‘lmagan moliyalashtirishni ajratishni nazarda tutuvchi uch yillik hamkorlik dasturi imzolandi.
JICA tomonidan muhandis kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, sanoat texnoparkini tashkil etish hamda aholini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatish bo‘yicha “Bir hudud — bir mahsulot” dasturini ishga tushirish yo‘nalishlarida yangi loyihalar ishlab chiqish dasturi qabul qilindi.
Sojitz, Toyota Tsusho, Sumitomo, Jogmec va Itochu kompaniyalari boshqa shakllar qatorida DXSh tamoyillari asosida sanoat va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etadi, deya ta’kidlanadi xabarda.
Avvalroq Yaponiyaning “Sumitomo Corporation” savdo kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazi va bojsiz savdo zonasi ochishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.