Toshkent shahridagi 3ta AYQShda sifatsiz benzin sotilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Inspeksiya va Raqobat qo‘mitasi tomonidan Toshkentda faoliyat yuritayotgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, unda qoidabuzarlik holatlari aniqlandi.
Xususan, Yashnobod tumanida joylashgan “A.O.” va “O.O.” MChJlarga qarashli 2ta AYQShda sotilayotgan avtobenzindan namuna olinib, laboratoriya tahlillaridan o‘tkazildi.
Natijada AI-80 va AI-92-markali benzinlari davlat standarti talablariga mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Yangihayot tumanidagi “F.G.S.” MChJga qarashli benzin “zapravka"da esa sifatsiz neft mahsuloti aniqlandi.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Sayxunobod tumanida joylashgan “S.O.O.” MChJga qarashli AYQShda nostandart yelim idishlarga qoidalarga zid ravishda benzin sotilgani aniqlandi. Surxondaryo viloyatining Angor tumanida joylashgan M.S." MChJga qarashli “zapravka"da ham bu kabi qoidalarlik fosh etildi.
Barcha AYQShlarga kamchiliklarni bartaraf etgungacha birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi.
Avvalroq Energetika vazirligi dekabrgacha gaz zapravkalar haqida ma’lumot beruvchi mobil ilova ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi. Ilova bepul bo‘lib, u orqali ma’lumotlarni taqdim etish yoqilg‘i quyish shoxobchalarining ixtiyorida bo‘ladi.