O‘zbekiston AQSh bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Tashkilotga a’zo bo‘lishda mamlakat bilan ikki tomonlama muhokamalar 14 oy davom etib, buning natijasida AQSh O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlagan yigirma birinchi davlat bo‘ldi.
“Bu judayam sermahsul hafta bo‘ldi. Bu sarguzashtlarga boy, murakkab, ammo mazmunli muzokaralar, bir umrlik tajriba bo‘ldi”, — deya jarayonni ta’rifladi Urunov.
U AQSh savdo vakili ofisiga “konstruktiv ishtiroki” uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchisi Furqat Sidiqov va diplomatik vakolatxona huzuridagi savdo maslahatchisi Oqil Ubaydullayevga ham minnatdorlik bildirildi.
Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani xabar qilingandi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi.
Bundan oldin Azizbek Urunov Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17%ga o‘sishiga yordam berishini qayd etgandi.
JST a’zo bo‘lish harakatlari
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.
O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.
Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deb ta’kidladi. davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.