O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi iqtisodiy o‘sishni sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
26-oktabr kuni Vashingtonda Jahon banki guruhining yillik yig‘ilishlari doirasida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Mamlakat uchun a’zolikning afzalliklari sifatida tashqi savdoning rivojlanishi, ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi, qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish va iqtisodiy o‘sish qayd etildi.
Qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning ko‘pligiga qaramay, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish maqsadiga sodiqligi va keng ko‘lamli xalqaro qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan Jahon bankining texnik yordami bu maqsadga erishish imkonini berayotgani ta’kidlandi.
“Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17%ga o‘sishiga yordam beradi”, — deb yozadi Azizbek Urunov.
Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deb ta’kidladi. davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Sentabr oyida mamlakat 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish masalasidagi muzokaralar nihoyasiga yetgani haqida bayonnomalar imzolandi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.
JST a’zo bo‘lish harakatlari
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi.
O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.
Avvalroq O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan yalpi ichki mahsulot prognozi $200 mlrdgacha yaxshilangani haqida xabar berilgandi.