O‘zbekiston Xitoyning kichik modulli reaktorlarini qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
4-noyabr kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Shanxaydagi EXPO-2024 ko‘rgazmasidagi ishtiroki doirasida “O‘zatom” direktori Azim Axmedxo‘jayev CNNCning shuba kompaniyasi — “China National Nuclear Corporation Overseas Ltd” (CNOS) bosh direktori Vei Fuki bilan atom energetikasidagi qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
“O‘zatom” va CNNC atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha Xitoyning tajribasini o‘zlashtirish imkoniyatlarini batafsil ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
Shuningdek, tomonlar uran rudasini qazib olish, qayta ishlash, yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish hamda keyinchalik AESda yoqilg‘idan foydalanish quvvatlarini kengaytirish niyatida.
Bundan tashqari, Xitoy tomoni yadro texnologiyalarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.
2023-yil noyabr oyida “Navoiyuran” CNNC bilan birinchi hamkorlik memorandumini imzoladi. Shu bilan birga, korxonalar uran sanoati sohasida bir qator investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqqani haqida xabar berilgan edi.
Joriy yilning oktabr oyida Azim Axmedxo‘jayev “O‘zatom” bir nechta xorijiy kompaniyalar, jumladan, CNNCning kichik AES qurilishi texnologiyalarini tahlil qilganini ma’lum qilgandi.
“O‘zatom” huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni “O‘zatom” va “Rosatom” kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati “Spot"ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.