31-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov O‘zbekiston uchun sanksiyalar bo‘yicha risklarga izoh berdi, deya ma’lum qildi “Spot” muxbiri.

“Biz ham judayam xavotirdamiz. Hukumat va prezident tomonidan ikkita hukumat komissiyasi tuzilgan: birinchisi eksport-import operatsiyalarida sanksiyalarga tushib qolish ehtimolini monitoring qilib boradi, ikkinchisi pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanadi,” — dedi u.

Regulyator rahbari O‘zbekistonda sanksiyalarga rioya qilish sohasida kuchli nazorat amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Masalan, 30-oktabr kuni Amerika sanksiyalariga uchragan mahalliy “Uzstanex” va “The Elite Investment Group” kompaniyalarining operatsiyalari joriy yilning yozida to‘xtatilgan.

O‘zbekiston banklari Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) va Yevropa Ittifoqi talablaridan kelib chiqqan holda eksport va import qiluvchilar uchun ichki talablarni belgilagan. Talablarning bajarilishi sanksiyalar riskini “ma'lum jihatdan” pasaytirib turibdi, deya ta’kidladi Mamarizo Nurmuratov.

“Bizda $4,6 mln to‘xtab qolgan mablag‘ bor, ammo bu sanksiyalar qo‘llanganidan emas. Banklar mablag‘larini muzlatib qo‘ygan yoki to‘lovlarni o‘tkazmagan holatlardir. Bu bo‘yicha OFAC bilan bevosita ishlayapmiz va ularni egalariga qaytarish choralarini ko‘ramiz,” — deya xulosa qildi Nurmuratov.

Oktabr oyida Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko mamlakat hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishga qarshi chiqdi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston hukumati ikkilamchi sanksiyalar ostida qolmaslik uchun barcha choralarni ko‘rmoqda.

Avvalroq to‘qqiz oy ichida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi uchdan bir qismga oshgani haqida xabar berilgandi.